Rossiyadan yana 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi (video)

Jamiyat

image

Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 sentyabr kuni Rossiyadan voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish bo‘yicha xizmat safarining uchinchi guruhi O‘zbekistonga yetib kelgan. Navbatdagi guruh tarkibidagi 7 nafar bola O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalari ko‘magida mamlakatga qaytarilgan.

Ularning 3 nafari Rossiyadagi ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo muddatini o‘tayotgan onalari tomonidan O‘zbekiston vakillariga topshirilgan.

Voyaga yetmaganlarni qaytarish ishlari Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan, Bolalar ombudsmani ko‘magida hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalari yordamida amalga oshirilgan.

Bildirilishicha, xizmat safari davomida jami 30 nafar voyaga yetmagan bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan. Shuningdek, tegishli ishlar natijasida Qozog‘istondan ham 2 nafar bola olib kelingan. Shu tariqa, jami 32 nafar voyaga yetmagan bolaning mamlakatga qaytishi ta’minlangan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.

“Ayni paytda xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Gruziyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 1 nafar voyaga yetmagan bolani vatanga qaytarish maqsadida xizmat safari amalga oshirilishi kutilmoqda, shuningdek, Turkiya bilan voyaga yetmaganlarni qaytarish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Mordoviya muxtor Respublikasi va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlari mamlakatga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing