Rossiyadan O‘zbekistonga yiliga 6 mlrd kub metr gaz yetkazib berilishi mumkin – OAV

Jamiyat

image

Yangi shartnoma bo‘yicha “Gazprom”ning O‘zbekistonga yetkazib beradigan gaz hajmi yiliga 6 milliard kub metr yoki kuniga taxminan 18 million kubometrni tashkil qilishi mumkin. Bu haqda “Kommersant” xabar qildi.

Rossiyadan gaz tranziti Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali amalga oshiriladi. Yetkazib berish hajmlari har yili yangilanadi. 

Tahlilchilarning fikricha, 6 mlrd kub metr gaz olish O‘zbekistonga o‘z ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi, biroq bu Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha shartnomani to‘liq bajarish uchun yetarli bo‘lmaydi.

“Pekin va Toshkent har yili 10 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan, biroq bu hajmlar hech qachon to‘liq yetkazib berilmagan. Bundan tashqari, qishki tanaffuslar, jumladan, Turkmanistondan tranzitning to‘xtatilishi tufayli O‘zbekiston Xitoyga eksport majburiyatlarini bajara olmadi, yetkazib berishni uch oy davomida muzlatib qo‘ydi”, deya qayd etgan nashr.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Gazprom” 2023 yilning to‘rtinchi choragida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi haqida xabar bergan edik. 

Shuningdek, joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi raxbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tib, tomonlar o‘rtasida “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. 

Keyinroq, 9 fevral kuni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bolat Aqchulakov muzokaralar o‘tkazgan. Unda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining dastlabki texnik baholari muhokama qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Rossiya Gazprom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing