Rossiyadan O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan gaz hajmi 5 mlrd kub metrdan oshdi
Jamiyat
−
02 noyabr
51952023 yil oktyabr oyida boshlangan Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berilishi hozirgi vaqtda 5 milliard kubometrdan oshdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yil Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston yetakchilari “Gazprom” va “UzGasTrade” o‘rtasidagi ikki yillik shartnoma doirasida Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston orqali tranzit tarzida yetkazib berishni boshlagan.
Zaxarovaga ko‘ra, bugungi kunda yetkazib berish hajmi 5 milliard kubometr gazdan oshgan. Bundan tashqari, Rossiyaning “Gazprom” va “LUKOYL” kabi kompaniyalari O‘zbekiston hududida gaz konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Tomonlar gaz sohasida hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama energetika hamkorligini rivojlantirishni sekinlashtiradigan hech qanday muammo mavjud emas.
Energetika mavzusi muzokaralar kun tartibiga eng yuqori darajada, shuningdek, idoralararo va ekspertlar darajasida kiritilmoqda.
“Bu sohadagi hamkorlik istiqbollari joriy yilda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda muhokama qilindi. Bunga Rossiya Prezidenti 26-28 may kunlari amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Rossiya hukumati raisining 9-10 sentyabr kunlari O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi kiradi. Ushbu tashriflar doirasida shu mavzu ham muhokama qilingan edi” dedi Zaxarova.
Bildirilishicha, energetika hamkorligi ikki tomonlama munosabatlarda muhim o‘rin tutadi va ikki davlatning tashqi ishlar idoralari bu turdagi hamkorlikka zarur siyosiy-diplomatik yordam ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Statistika agentligining tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha hisobotida O‘zbekistonda gaz importi yil boshidan buyon 5,7 barobarga oshgani, shu bilan birga, uni eksport qilish ham 7,4 foizga ko‘payib, 404 million dollarni tashkil qilgani keltirilgan edi.
LiveBarchasi