Rossiyadan O‘zbekistonga to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
17 fevral
7575Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona postida Rossiya Federatsiyasidan noqonuniy yo‘l bilan qurol olib kelib, bojxonadan yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqarolar ushlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, chegara postida “Lada Largus” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan shaxsning qo‘l yuklari va bagaji tekshiruvdan o‘tkazilgan. Unda fuqaroga tegishli qora rangli sumka ichidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan 1 dona 4.5 mm “Stalker” nomli pnevmatik to‘pponcha, 25 dona to‘pponcha gazballonlari hamda 1 ming 482 dona pnevmatik to‘pponcha o‘qlari topilgan.
Shuningdek, yana bir holatda “Dovud-ota” chegara bojxona postiga Lacetti rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, unda 1 dona “Ansar BRT" nomli shovqinli to‘pponcha hamda 36 dona 9 mm "RAK” nomli rezina uchli patronlar borligi aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, fuqaro bu qurollarni Rossiya Federatsiyasidan Qozog‘iston Respublikasi orqali O‘zbekistonga olib o‘tayotgan bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasiga pnevmatik qurollarni olib kirish Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. Ruxsatnomaga ega bo‘lmagan har qanday qurolni bojxona chegaralari orqali olib o‘tishga urinish javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi “Yallama” bojxona postiga kirib kelgan “Gazel” rusumli avtotransport vositasi tekshirilganda go‘shtlar ichiga yashirilgan 350 dona gilza aniqlangandi.