Rossiyadan Toshkentga 3 ta metro poyezdi olib kelindi
Jamiyat
−
29 may
5789Bugun, 29 may kuni Toshkent metropoliteni vagon parkiga yana yangi to‘rt vagonli 3 ta zamonaviy metro poyezdlari olib kelindi. Bu haqda "Toshkent metropoliteni" DUK ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ushbu harakat tarkiblari belgilangan yo‘riqnomaga asosan, 7-10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, so‘ngra yo‘lovchilarga xizmat qilishi yo‘lga qo‘yiladi.
“Shuningdek, yo‘nalishlardagi vaqt intervallarini yanada qisqartirish maqsadida, yangi harakat tarkiblari asosan, "Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishi"da harakatga chiqariladi”, deyiladi xabarda.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur metro poyezdlari Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan.
“Bugun Toshkent metropoliteni ehtiyojlari uchun Toshkent shahriga Rossiyada ishlab chiqarilgan 12 ta vagon olib kelindi va poyezdlar 7-10 kun ichida texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov 27 may kuni Toshkentda ikki davlat Prezidentlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashida iyun oyi oxirigacha yana uchta to‘rt vagonli poyezd yetkazib berish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Metrovagonmash” 2024-2025 yillarda O‘zbekistonga yana 60 ta metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi