Rossiyadagi YTHda uch markaziy osiyolik vafot etdi
Olam
−
24 fevral 4806 1 daqiqa
Rossiyaning Orenburg viloyatida 21 fevral kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida uch nafar Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Fojia soat taxminan 16:00 da R-239 “Qozon – Orenburg” avtomagistralining 451-kilometrida, Qozog‘iston chegarasi yaqinida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toyota va Mazda rusumli avtomobillar to‘qnashgan.
Ma’lum qilinishicha, Toyota avtomobilida Tojikistonning besh nafar fuqarosi bo‘lgan, Mazda haydovchisi esa mahalliy aholi vakili bo‘lgan. Mazda haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Toyotaʼdagi uch nafar yo‘lovchi og‘ir jarohatlar tufayli tez yordam yetib kelgunga qadar vafot etgan.
Yana ikki jabrlanuvchi – 1999 va 2006 yillarda tug‘ilgan yigitlar – zudlik bilan Abdulinskaya shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga olib borilgan. Ularda bosh miya jarohati, chanoq va qo‘l-oyoq suyaklarining sinishi hamda travmatik shok aniqlangan.
Orenburg viloyati prokurori Ruslan Medvedev mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni topshirgan. Ayni paytda hodisa sabablari aniqlanmoqda, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tahsil olayotgan 23 yoshli qozog‘istonlik talaba Garri Azaryan Rossiyada terrorizmni oqlashda ayblanib, 8 oy qamalib chiqqandi.
Live
Barchasi