Rossiyadagi YTHda halok bo‘lganlarning jasadlari O‘zbekistonga qaytariladi

Jamiyat

image

1 sentyabr kuni Rossiyaning Nijegorod viloyatida mikroavtobus yo‘l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida 8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani xabar qilingandi. Hozirda qurbonlarning jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, 1 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:38 da Nijegorod viloyatida M12 “Vostok” avtomagistralining 375-kilometrida (Navashino okrugi) O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.

“YTH oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, shundan 7 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 1 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanmoqda, shuningdek 3 nafar fuqaromiz turli xil tan jarohatlari bilan Nijegorod viloyatining markaziy klinik-shifoxonasi va Viksa shaharchasida joylashgan tibbiy muassasasiga joylashtirilgan”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Sanaviatsiya” (tez yordam vertolyoti) jalb qilingan.

“Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Jabrlangan fuqarolarimizga tez orada sog‘ayib ketishini tilab qolamiz. Hozirda qurbonlarning jasadlarini Vatanga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Ushbu masala Bosh konsulxona nazoratida bo‘lib, Bosh konsul N. Qosimov, Birinchi kotib A. Razzoqov hamda TMMAning Rossiya Federatsiyasidagi rahbari O. Odilov va TMMAning Nijniy Novgorod shahridagi vakili O. Abdulg‘oziyevlar tezkor ravishda Nijegorod viloyatiga xizmat safarini amalga oshirib, mahalliy mas’ul vakolatli organlar bilan halok bo‘lganlar shahsiga aniqlik kiritish va ularni Vatanga qaytarish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatilishini o‘z nazoratiga olishgan. Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari bilan quyidagi telefon raqamlar orqali bog‘lanish mumkin: +7-843 526-55-63;  +7-843 526-55-64; +7-843 526-55-65; Telegram: @kazan_mfa_uz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Rossiyaning Penza viloyatidagi M-5 Ural trassasida yuk mashinasi va mikroavtobus ishtirokida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgandi. Prezidentning topshirig‘i bilan Penzada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari 13 yanvar kuni Xorazm viloyatiga olib kelingandi. Aprel oyida esa Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan Samara-Chimkent trassasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. Ular ham maxsus bortda O‘zbekistonga olib kelingandi.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Rossiya Nijegorod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing