Rossiyadagi voqealar fonida Telegram faoliyatida uzilishlar kuzatilyapti 

Texnologiya

image

Qayd etilishicha, Yevropadagi foydalanuvchilar messenjerning beqaror ishlayotganidan, jumladan, ba’zi vaqtlarda media fayllarini yuklab bo‘lmayotgani hamda ovozli xabar yuborishda qiyinchiliklar kuzatilayotganidan shikoyat qilmoqda. Uzilishlar xaritasidan ko‘rish mumkinki, muammolar asosan Yevropaning ayrim davlatlari, Ukraina, Rossiyaning Yevropa bilan chegaradosh nuqtalarida kuzatilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda, jumladan, Toshkentda ham messenjer ishlashida qiyinchiliklar yuzaga kelyapti. Media fayllarni yuklash va hatto ba’zan oddiy matnli xabar yuborish ham qiyin bo‘lib qolmoqda. 

Tarmoqdagi nosozlikka “Vagner” bilan bog‘liq voqealar ortidan serverlarga yuklamaning haddan ziyod ortib ketgani sabab bo‘layotgani aytilmoqda. 

Kecha, 23 iyun kuni Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallariga Yevgeniy Prigojinning bayonotlarini yoritish taqiqlangan edi. Bugun, 24 iyun kuni esa “Vkontakte” tarmog‘idan uning ovozli xabarlari o‘chirildi, yo‘llar chetidagi “Vagner”ga qo‘shilishga targ‘ib qiluvchi bannerlar demontaj qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini uning kompaniyasi pozitsiyalariga zarba berishda ayblab, 25 ming kishi bu bilan shug‘ullanmoqchi ekanini aytgandi. Bugun, 24 iyun kuni esa “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Telegram uzilishlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing