Rossiyadagi noqonuniy migrantlar soni bo‘yicha o‘zbekistonliklar yetakchilik qilmoqda
Jamiyat
−
20 Sentabr
6723Bugungi kunda Rossiyada 739 ming noqonuniy migrant mavjud va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil qiladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirining migratsiya siyosatini nazorat qilish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, politsiya general-polkovnigi Aleksandr Gorovoy ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasidagi umumiy migrantlarning 9 foizi noqonuniy migrantlar hisoblanadi. Ularning umumiy soni 739 mingga yaqin va so‘nggi to‘rt-besh yil ichida bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan.
Bundan tashqari, Gorovoy aholi tarkibiga oid boshqa ma’lumotlarni ham ochiqladi. Unga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada 6 million 174 ming kishi chet el fuqaroligiga ega. Mamlakatda o‘z fuqarolari soni bo‘yicha birinchi o‘ntalikka esa O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va Turkmaniston kiradi.
“Xalqaro migratsiya tashkilotining 2022 yilgi hisobotiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi chet elliklar soni bo‘yicha jahon reytingida AQSH, Germaniya va Saudiya Arabistonidan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Joriy yil boshidan buyon Rossiyaga qariyb 7,5 million chet el fuqarosi kirdi va 6 million 800 ming chet el fuqarosi chiqib ketdi”, deydi Gorovoy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi o‘tgan yil davomida Rossiyada yashovchi 2 milliondan ortiq chet el fuqarolari mamlakatni tark etgani haqida xabar bergan edi.
LiveBarchasi