Rossiyadagi neft bazasiga dron hujum qildi
Olam
−
15 fevral
7821Rossiyadagi Kursk viloyatining Kursk tumanida uchuvchisiz samolyotning zarbasi oqibatida neft bazasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda bugun, 15 fevralga o‘tar kechasi viloyat gubernatori Roman Starovoyt o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
"Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Ayni paytda barcha maxsus xizmatlar voqea joyida ishlamoqda. Vahimaga tushmang", deb yozgan u.
Ayni paytda mahalliy kanallar neft bazasida 100 tonnalik sisterna yonayotganini, viloyatning Polevaya qishlog‘i hududida kuchli yong‘in chiqqanini yozmoqda.
Qayd etish joizki, Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasining ushbu mamlakat bilan chegaradosh hududlarida, jumladan, Bryansk, Kursk va Belgorod viloyatlarida turli nishonlarga uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujumlar takrorlangan. Rossiya tomoni ushbu hujumlar uchun javobgarlikni Ukraina Qurolli kuchlariga yuklaydi, rasmiy Kiyev esa odatda bunga izoh bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, 18 yanvarga o‘tar kechasi urush boshlanganidan beri birinchi marta Rossiyaning Leningrad viloyatiga dron uchirilgandi. O‘shanda mahalliy nashrlar qanotlarining uzunligi olti metrgacha bo‘lgan samolyot tipidagi dron Sankt-Peterburgdagi neft terminalini nishonga olganini yozgandi. 29 yanvar kuni esa Rossiyaning Yaroslavl viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektiga dron hujumi uyushtirildi. Viloyat gubernatori Slavneft-YANOS neftni qayta ishlash zavodiga hujumning oldi olinganini bildirdi.
3 fevralda esa Volgograd neftni qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz samolyot hujum qildi va u urib tushirildi. Dron qulashi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi.
LiveBarchasi