Toshkentda sodir etilgan ommaviy mushtlashuv bo‘yicha prokuratura ma’lumot berdi
Jamiyat
−
12 iyun 2019
16344Bir necha kun oldin, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ko‘chalarning birida, jamoat joyida ommaviy mushtlashuv tashkil etgan odamlarning videotasviri tarqalgan edi. Unda bir nechta fuqarolar hatto mashinada bir-birlarini bosib ketmoqchi ham bo‘lishgan.
Yuz bergan ushbu hodisa yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Farhod Boboniyozovning “Zamon” dasturiga ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, mazkur hodisa joriy yilning 5 iyun kuni soat 19:50 larda Toshkent shahar Mirobod tumani “Farg‘ona yo‘li” ko‘chasida joylashgan “Osiyo burger” ovqatlanish shahobchasi oldida sodir bo‘lgan.
Janjal natijasida, bir nafar fuqaroga pichoq vositasida kesilgan, sanchilgan tan jarohati yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan aybni og‘irlashtiruvchi holatlarda bezorilik oqibatida odam o‘ldirishga qasd qilish, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan ikki nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi