Rossiyada yil oxirigacha migratsiyaga oid 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin
Olam
−
16 Oktabr
5238Rossiyada joriy yil yakunigacha migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasining raisi Vyacheslav Volodinga tayanib, RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, Volodin 2025 yilning mart oyida migratsiya siyosati bo‘yicha hukumat soati muhokamasi o‘tkazilishi mumkinligini e’lon qilgan. Volodinga ko‘ra, bu taklif bugun, 16 oktyabr kuni Davlat Dumasi Kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi.
“Ushbu qonunlar kuchga kirgandan so‘ng, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliyot qanday ishlayotganini ko‘rish muhim. Mart oyiga kelib, uni tahlil qilish imkoniga ega bo‘lamiz", deydi Volodin.
Shuningdek, u Davlat Dumasining hukumat bilan birgalikda mamlakatda migratsiya siyosatini tartibga solish tamoyillarini takomillashtirish niyatida ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, joriy yilning oktyabr oyi boshida Volodin parlamentning quyi palatasiga kiritilgan beshta migratsiya bilan bog‘liq qonun loyihasini 2024 yil oxirigacha qabul qilishga va’da bergan. Davlat Dumasi raisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbuslar ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. U qonun loyihalarining maqsadini migratsiya sohasida tartib o‘rnatish deb atagan.
Mazkur qonun loyihalar quyidagi takliflarni o‘z ichiga oladi:
- Rossiyada noqonuniy bo‘lishni jinoyat sodir etishda og‘irlashtiruvchi holat deb tan olish;
- Noqonuniy migratsiyani tashkil etishni og‘ir jinoyat deb belgilash;
- Migratsiya sohasida noqonuniy xizmatlar taklif qiluvchi saytlarni sudsiz bloklash;
- Hujjatlarni qalbakilashtirish va soxta ro‘yxatga olish uchun jazoni kuchaytirish;
- Vositachilarga rus tilini bilish bo‘yicha imtihonlarni o‘tkazishni taqiqlash.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Mehnat vaziri Anton Kotyakov Mehnat va Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida mamlakatga mehnat migrantlarini jalb qilish bo‘yicha amaldagi tizimni isloh qilish variantlari ishlab chiqilishini ma’lum qilgan edi.