Rossiyada yil boshidan beri to‘rtinchi harbiy samolyot halokatga uchradi
Olam
−
11 Oktabr 2025 4493 2 daqiqa
Rossiyaning Lipetsk viloyatida MiG-31 qiruvchisi qo‘nish vaqtida qulab tushdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, MiG-31 qiruvchi samolyoti 9 oktyabr kuni kechqurun, mahalliy vaqt bilan soat 19:20 da Lipetsk viloyatida qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan. Ma’lum qilinishicha, samolyot rejalashtirilgan o‘quv-parvozini amalga oshirayotgan, bortida qurol-aslaha bo‘lmagan. U odam yashamaydigan hududga qulab tushgan. Yerga urilishdan oldin ekipaj katapultalangan. Mudofaa vazirligi uchuvchilarning hayotiga xavf yo‘qligini tasdiqlagan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, samolyot qo‘nish paytida shassi ochish tizimida nosozlik yuzaga kelgan. Uchuvchi va shturman samolyotni turarjoylardan uzoqqa yo‘naltirgan va so‘ng katapultalangan. Qo‘ngandan so‘ng ekipaj jarohat olgan va shifoxonaga yetkazilgan. Samolyot o‘rmon hududiga qulab tushib, yonib ketgan.
MiG-31 – ikki o‘rindiqli, uzoq masofali, o‘ta tezkor qiruvchi-tutuvchi bo‘lib, u soatiga 3 ming kilometr tezlikka chiqishi va 21 ming metr balandlikka ko‘tarilishi mumkin.
Yil boshidan beri to‘rtinchi halokat
MiG-31 halokati 2025 yil boshidan beri Rossiya harbiy-havo kuchlarining to‘rtinchi yo‘qotishi bo‘ldi.
Joriy yilning iyul oyida Nijniy Novgorod viloyatida Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyoti qulab tushgan. U shassining nosozligi sababli qo‘nishga uringan, ammo muammoni bartaraf eta olmaganidan so‘ng ekipaj katapultalangan.
Aprel oyida Irkutsk viloyatida Tu-22M3 raketa tashuvchi bombardimonchi halokatga uchragan. Samolyot rejalashtirilgan parvozni amalga oshirayotgan edi. Bir uchuvchi halok bo‘lgan, to‘rtta ekipaj a’zosi omon qolgan. Mudofaa vazirligi sababni texnik nosozlik deb atagan.
Yana bir hodisa mart oyida Primore o‘lkasida yuz bergan. O‘shanda Su-25 shturm samolyoti mashg‘ulot parvozi chog‘ida qulagan. U ham odam yashamaydigan joyga tushgan, uchuvchi katapultalangan.
Live
Barchasi