Rossiyada yana jurnalistlar “xorijiy agent” sifatida nishonga olinmoqda
Olam
−
07 fevral
2356Rossiya Adliya vazirligi olti kishini “xorijiy agentlar” reyestriga kiritdi. Ular orasida BBC rus xizmati jurnalisti Anastasiya Golubeva ham bor. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Bu Rossiya rasmiylari BBC jurnalistlarini “xorijiy agentlar” deb e’lon qilgan ketma-ket to‘rtinchi jumadir”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, bu safar Adliya vazirligi reyestriga BBC rus xizmati jurnalisti Anastasiya Golubeva, jurnalist va yozuvchi Valeriy Panyushkin, jurnalist Svetlana Osipova, jamoatchilik faoli Anastasiya Shevchenko, polittexnolog Mixail Sheytelman va siyosatshunos Irina Busygina ham bor.
Rossiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Golubeva Rossiya hukumati qarorlari va Rossiya armiyasining “salbiy imidjini yaratishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlar” tarqatgan, shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 17 yanvar kuni vazirlik BBC muharriri Anastasiya Lotareva va muxbir Andrey Kozenkoni “xorijiy agentlar” deb e’lon qilgandi. 24 yanvar kuni BBC muxbiri Olga Ivshina ushbu ro‘yxatga qo‘shildi. Qolaversa, 31 yanvar kuni BBC rus xizmati muxbiri Elizaveta Foxt va harbiy kuzatuvchi Ilya Abishevlar ro‘yxatga kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq marhum Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning uch nafar sobiq advokati – Vadim Kobzev, Aleksey Lipser va Igor Sergunin 3,5 yildan 5,5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingandi. Sud yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan. Vadim Kobzev 5,5 yilga, Aleksey Lipser 5 yilga, Igor Sergunin 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Hukmni Vladimir viloyatining Petushinskiy tuman sudi chiqargan, u yerga Navalniyning o‘zi advokatlari yordamida koloniya ustidan ko‘p marta ariza bergan.
LiveBarchasi