Rossiyada yana Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi
Olam
−
14 mart
5439Rossiyaning Magadan viloyatida Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi. Bu haqda “Interfax” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki kishi halok bo‘lgan, qolganlarning taqdiri noma’lum. Federal havo transporti agentligi aviahalokatda bir kishi halok bo‘lgani, ikki kishi jarohatlanganini bildirgan.
Uzoq Sharq transport prokuraturasining aniqlik kiritishicha, bortda jami 20 kishi, jumladan uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
“Halokat sodir bo‘lgan joyda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Voqea joyiga qutqaruv guruhi va shifokorlar borishdi”, deydi Magadan viloyati gubernatori Sergey Nosov.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, “Dalnerechensk Avia” aviakompaniyasining Mi-8T samolyoti "Kvarseviy– Omsukchan" yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan. Halokat Evensk qishlog‘idan 75 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.
Dastlabki xulosalarda keltirilishicha, hodisaga dvigatelning nosozligi sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Tergov qo‘mitasining transport boshqarmasi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik (Jinoyat kodeksining 263-moddasi 2-qismi) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Uzoq Sharq transport prokuraturasi parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirmoqda.
Qayd etish joiz, oxirgi vaqtlarda Rossiyada samolyot va vertolyotlarning halokati tez-tez sodir bo‘lmoqda. Masalan, shu yilning 12 mart kuni Rossiyaning Ivanovo viloyatida bortida 15 kishi bo‘lgan Il-76 harbiy-transport samolyoti halokatga uchragandi. Fevral oyida esa Rossiya tarkibidagi Kareliya respublikasida Mi-8 vertolyoti Onega ko‘li uzra parvoz paytida qulab tushgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15