Rossiyada yana bir urush targ‘ibotchisiga suiqasd qilindi

Olam

image

Kecha, 6 may kuni taniqli rus yozuvchisi Zaxar Prilepin avtomobilida sodir bo‘lgan portlash oqibatida yaralandi. Uning haydovchisi esa halok bo‘ldi. Bu hujumda Rossiya Ukraina va G‘arbni aybladi.

Davlat Tergov qo‘mitasi yozuvchining Audi Q7 rusumli avtomashinasi Moskvadan 400 km sharqda joylashgan Nijniy Novgorod viloyatidagi qishloqda portlatilganini va buni terrorchilik harakati sifatida baholayotganini ma’lum qilgan. Dastlabki axborotga ko‘ra, avtomobil tagiga portlovchi moslama o‘rnatilgan. Hodisa vaqtida Prilepin avtomobilning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan. Portlashdan so‘ng Prilepin kasalxonaga yotqizilgan.

Qo‘mita o‘rmon yonidagi yo‘lda ag‘darilib yotgan oq avtomobil aks etgan fotosuratni e’lon qilgan. Suratda mashina yonidagi chuqur krater va metall parchalari sochilib yotganini ko‘rish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi vakilining aytishicha, gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Mahalliy nashrlar xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib, Moskva viloyatida bomba yig‘ilgani taxmin qilingan kvartira topilganini xabar bergan.

Ma’lumot uchun, Prilepin Rossiyaning Ukrainadagi urushini yoqlab, u yerda harbiy janglarda qatnashgani bilan maqtanib kelgan. U Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri bomba nishoniga olingan uchinchi taniqli urush tarafdori bo‘ldi. Dastlab jurnalist Darya Dugina, yaqinda esa urush blogeri Vladlen Tatarskiy shu kabi hujumda halok bo‘lgandi. Rossiya bu harakatlarda Ukrainani ayblagan, Kiyev esa bunga aloqadorligini rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya suiqasd urush targ'ibotchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing