Rossiyada WhatsApp va Telegram faoliyati cheklanadi
Olam
−
22 Oktabr 2025 4795 2 daqiqa
Rossiya aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi nazorat federal xizmati (Roskomnadzor) WhatsApp va Telegram messenjerlarining ishini qisman cheklash choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda idoraga tayanib, RBK xabar berdi.
Nashrning yozishicha, mazkur messenjerlar firibgarlik, tovlamachilik, shuningdek, Rossiya fuqarolarini diversiya va terrorchilik faoliyatlariga jalb etish uchun asosiy vositaga aylangan. Bu haqda idora huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlari hamda fuqarolarning shikoyatlariga tayanib bildirgan.
“Messenjer egalari tomonidan jinoyatchilarga qarshi choralar ko‘rish haqidagi ko‘plab talablar e’tiborsiz qoldirilgan. Shu sababli, huquqni muhofaza qiluvchi organlar materiallariga asosan, xorijiy messenjerlarning ishini qisman cheklash choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi Roskomnadzor xabarida.
Qayd etilishicha, kecha, 21 oktyabr kuni Rossiyaning janubiy hududlarida – Krasnodar o‘lkasi, Adigeya, Rostov va Astraxan viloyatlari hamda Stavropol o‘lkasida Telegram va WhatsApp ishlashida uzilishlar kuzatilgani haqida ko‘plab shikoyatlar tushgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil iyul holatiga WhatsApp 96,2 million foydalanuvchi (12 yoshdan katta) bilan Rossiyada eng mashhur mobil ilova bo‘lib qolmoqda. Telegram esa 89,8 million foydalanuvchi bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi olti oyda ushbu messenjerlar orqali kamida 142 mingta jinoyat sodir etilgan. Idora, shuningdek, ularni “Ukraina maxsus xizmatlarining Rossiya fuqarolarini yollash vositasi” deb atagan va fuqarolarga onlayn muloqotda ehtiyot bo‘lishni eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Roskomnadzor ushbu messenjerlarda qo‘ng‘iroqlarni qisman cheklash choralarini joriy etgan edi. Idora buni “firibgarlik va terrorizmga qarshi kurash” bilan izohlagan.
Telegram vakillari esa bunga javoban platformada zararli kontent, jumladan, zo‘ravonlik va firibgarlik chaqiriqlariga qarshi faol kurash olib borilayotganini bildirgan. WhatsApp esa foydalanuvchilarning xavfsiz muloqotini ta’minlash uchun “qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini” ma’lum qilgan.
Live
Barchasi