Rossiyada Valeriy Meladze ustidan tekshiruv boshlandi
Olam
−
07 aprel 2023
12911Moskva prokuraturasi rossiyalik mashhur xonanda Valeriy Meladze ustidan tekshiruv o‘tkazadi. U Ukraina Qurolli kuchlarini moliyalashtirganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Ayni paytda Ukraina Qurolli kuchlariga moddiy yordam ko‘rsatganlikda gumonlanib, Meladzega nisbatan tekshiruv o‘tkazish Moskva prokuraturasiga topshirilgan”, deb ma’lum qilgan Rossiya Bosh prokuraturasi.
Bildirilishicha, “Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash federal loyihasi” jamoat tashkiloti rahbari Vitaliy Borodin Bosh prokuror Igor Krasnovga xonandaga nisbatan tegishli tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llagan. Uning ta’kidlashicha, Valeriy Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”ni bir necha bor tanqid qilgan. Shuningdek, BAAdagi korporativ kechada ukrainalik millatchilarning shiorini aytgan.
Qayd etish joizki, mart oyi oxirida qo‘shiqchi Valeriy Meladzening Krasnoyarsk, Irkutsk, Novosibirsk, Barnaul, Kemerovo va Rostov-na-Dondagi rejalashtirilgan konsertlari birdaniga bekor qilingan.
Ma’lumot uchun, Valeriy Meladze 1965 yil Gruziyada tug‘ilgan. U qo‘shiqchi, prodyuser, teleboshlovchi va aktyor hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist, Checheniston Respublikasi xalq artisti kabi unvonlari bor.
LiveBarchasi