Rossiyada urushdan qochgan mahbuslar qattiqroq jazolanishi mumkin
Olam
−
16 Sentabr 2025 5342 2 daqiqa
Rossiyada jangovar harakatlarda qatnashayotgan sobiq mahbuslar xizmat joyini o‘z xohishi bilan tark etsa yoki belgilangan joyga xizmatga kelmasa, uch yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi tomonidan qonun loyihasi tayyorlandi.
Vazirlik tayyorlagan loyihaga muvofiq, xizmatni sababsiz tark etish yoki ikki kundan o‘n kungacha xizmat joyiga kelmaslik sobiq mahbuslarga ikki yildan olti yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Bir oy davomida xizmatga kelmaslik esa uch yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar sobiq mahbuslar qurol bilan yoki guruh bo‘lib qochsa, ularga o‘n yildan o‘n ikki yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.
Shuningdek, kasallikni soxtalashtirish, o‘ziga ataylab jarohat yetkazish yoki hujjatlarni qalbakilashtirish uchun ham yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilmoqda. Adliya vazirligi vakillarining izohicha, bu o‘zgartirishlar shartli ravishda jazodan ozod qilingan yoki ularga oid jinoyat ishi vaqtincha to‘xtatilgan shaxslarga nisbatan ko‘proq xavf tug‘diradi, chunki ular allaqachon jinoyat sodir etgan hisoblanadi.
Yuridik assotsiatsiya vakili Igor Cherepanovning ta’kidlashicha, bunday shaxslar aslida retsidivist (ilgari jinoyat sodir qilib, jazoga hukm qilingan, keyin yana jinoyat sodir qilgan shaxs) hisoblanadi, shuning uchun ularga nisbatan sanksiyalar oddiy harbiy xizmatchilarga nisbatan qattiqroq bo‘lishi tabiiy.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning sentyabr oyida Prezident Vladimir Putin harbiy xizmatchilar uchun dezertirlik va asirlik uchun jazolarni og‘irlashtirgan qonunni imzolagan edi. Unda ko‘ngilli ravishda asirga tushish uchun uch yildan o‘n yilgacha qamoq jazosi belgilandi, talonchilik uchun esa o‘n besh yilgacha qamoq jazosi joriy qilindi. Xizmat joyini tark etish uchun ham safarbarlik va harbiy holat davrida og‘irroq jazolar belgilangan edi.
Live
Barchasi