Rossiyada urush boshlanganidan beri tobutlar va qabr qazish narxi oshib ketdi
Olam
−
06 dekabr
5716Sovet davridan beri armiyaga qilingan rekord xarajatlar tufayli Rossiya iqtisodiga zarar yetkazgan harbiy inflyatsiya dafn marosimi xizmatlari bozoriga zarba berdi. Bu haqda “Moscow Times” xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri tobut yasash narxi 74 foizga oshgan. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasida 2022 yil yanvaridagi bir tobutning o‘rtacha narxi 4 ming 437 rubl bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yil oktyabr oyida bu narx 7 ming 711 rublni tashkil etgan.
“Tobutlar narxining tez o‘sishi Ukrainaga bostirib kirishning dastlabki oylarida boshlangan: 2022 yil fevral-avgust oylarida ularni ishlab chiqarish 12 foizga yoki 548 rublga oshdi. Mobilizatsiya e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay dafn inflyatsiyasining yangi bosqichi bo‘lib o‘tdi: agar 2022 yil sentyabr oyida bitta tobut 4 ming 998 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil fevral oyida u 6 ming 669 rubl, ya’ni 33 foiz qimmatroq edi”, deyiladi xabarda.
Umuman olganda, 2022 yilda tobutlar 48 foizga, 2023 yilda deyarli 12 foizga, 2024 yilning 9 oyida esa yana 10 foizga qimmatlashgan. Ba’zi hududlarda tobutlarning narxi bir necha marta ko‘tarilgan. Masalan, Saxalinda 181 foizga, Omsk viloyatida 162 foizga, Tambov va Smolensk viloyatlarida mos ravishda 104 va 103 foizga oshgan.
Rosstat statistik ma’lumotlariga ko‘ra, qabr qazish narxi ham asta-sekin o‘sib bormoqda. 2022 yil yanvar oyida bu xizmat 7 ming 692 rubl, 2024 yil oktyabr oyida esa 9 ming 974 rublni tashkil etgan. Shu bilan birga, qabr qazish bo‘yicha rekord narx – 10 ming 187 rubl 2024 yil fevral oyida qayd etilgan.