Rossiyada “uch yulduzli” mehmonxona hududida portlash sodir bo‘ldi

Olam

image

Rossiyaning Gelenjik shahridagi mehmonxona hududida bugun, 13 iyul kuni portlash yuz berdi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.  

“Hodisa natijasida besh kishi jarohat oldi, afsuski, bir kishi halok bo‘ldi. Dastlabki sabab maishiy gazning portlashi”, deyilgan matbuot xizmati xabarida. 

Yaradorlar va halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar turlicha. Shahar meri Aleksey Bogodistovning so‘zlariga ko‘ra, voqea oqibatida bir kishi vafot etgan, uch kishi jarohat olgan. 

“Dastlabki versiya — maishiy gaz portlashi. Bir kishi qurbon bo‘lgan, uch kishi yaralangan. Mehmonxonada kichik do‘kon bor, ushbu do‘konda portlash sodir bo‘lgan. Pastki qavatda”, degan u. 

O‘z navbatida, shahar operatsion xizmatidagi manbaning xabar berishicha, qurbonlar soni ikki kishiga yetgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, to‘rt kishi shahar shifoxonasiga yotqizilgan. 

“To‘rt kishi shifoxonaga yotqizildi, shu jumladan yosh bola. Jarohatlanganlarning barchasi og‘ir ahvolda. Yana bir jabrlanuvchi olib kelinmoqda”, deyilgan shifoxona xabarida. 

Krasnodar o‘lkasi prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki jabrlanuvchining ahvoli og‘ir. 

“Hozirga qadar jabrlanganlar soni besh nafar, ular shifoxonada, ikkitasining ahvoli og‘ir, uchtasi o‘rtacha og‘irlikda, shulardan bittasi 14 yoshda. Bir kishi vafot etdi”, deyilgan prokuratura xabarida. 

Ta’kidlanishicha, mehmonxona qonuniy ish olib borgan va “Uch yulduz” toifasiga ega bo‘lgan. Qayd etilishicha, prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha Tergov boshqarmasi tergovchilari voqea joyida ishlamoqda. Qutqaruvchilar binoni tekshirishda va jabrlanganlarni qidirishda davom etmoqda. 

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, mehmonxonadan 50 kishi evakuatsiya qilingan. Portlash natijasida binoning birinchi qavatining oynalari va ichki qismlariga zarar yetgan. 

Avvalroq, Xitoy sharqidagi Szyansu provinsiyasida mehmonxona qulab tushishi oqibatida sakkiz kishi qurbon bo‘lgani, yana to‘qqiz kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergandik. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya mehmonxona

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing