Rossiyada terakt qilishga uringan 4 nafar surxondaryolik yigit qamaldi
3-sahifa
−
18:31 4914 3 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi to‘rt nafar shaxs Rossiyada yashirin guruh tarkibida terroristik tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilish, taqiqlangan materiallarni tarqatish hamda terrorchilik faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilib, har biri 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxs 2023 yilda mavsumiy ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasi Mahachqala shahriga borgan. U yerda laqabi “Muhammad” bo‘lgan mahalladosh tengdoshi bilan yaqin aloqaga kirishib, ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan video materiallarni ko‘rishi natijasida ongi zaharlangan.
Keyinchalik ikkovlon o‘z saflariga 2005 yilda tug‘ilgan yana bir mahalladoshini jalb qilib, Suriyaga borishni rejalashtirgan. Safar xarajatlari uchun esa ulardan biri hatto Rossiyada mehnat migranti sifatida ishlayotgan oila a’zolari jamg‘argan mablag‘ning bir qismini ruxsatsiz olib chiqqan.
So‘ngra “Mahachqala – Moskva” yo‘nalishidagi avtobusda manzilga yo‘l olgan. Bu safarda ular “Moskva – Istanbul” aviayo‘nalishida Turkiyaga, so‘ngra Suriyaga bormoqchi bo‘lgan.
Biroq, Moskvada yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sababli, ularning ikki nafari ortga qaytgan. “Muhammad” esa Qozon shahrida qotillik sodir etib, Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu orada guruhning 2005 yilda tug‘ilgan a’zosi O‘zbekistonga deportatsiya qilingan va Jinoyat kodeksining 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sud hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ma’lum qilinishicha, shundan so‘ng ham guruh faoliyati to‘xtamagan. Aksincha, Mahachqala shahrida ishlayotgan, 1999 va 2001 yillarda tug‘ilgan ikki nafar sariosiyolik ushbu yashirin guruhga qo‘shilib, terroristik tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan hamda kelgusida jangarilar safida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirgan.
Manbaga ko‘ra, 2025 yilning sentyabr oyida guruh faolligi kuchayib, a’zolar Mahachqala shahrida huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar amalga oshirmoqchi ham bo‘lgan. Bundan tashqari, Sariosiyo tumanida istiqomat qilayotgan, 2004 yilda tug‘ilgan fuqaroni ham ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z saflariga jalb qilgan.
Yakunda esa DXX va Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor qidiruv-tadbirlarida noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. Tergov jarayonida esa jinoyatlari o‘z isbotini topgan.
Bildirilishicha, JIB Sariosiyo tuman sudi hukmiga ko‘ra, 4 nafar shaxsning barchasi Jinoyat kodeksining 155-2 (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish), 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Live
Barchasi