Rossiyada Putinni qoralagan tojikistonlik hibsga olindi

Olam

image

Rossiyadagi Novosibirsk sudi bozorda urushga qarshi gapirgan va mamlakat rahbari Vladimir Putinning qarorlarini qoralagan Tojikiston fuqarosini hibsga olishga qaror qildi. Bu haqda Novosibirsk viloyatining umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Novosibirskning Kalininskiy tuman sudi Tojikiston fuqarosini bezorilik (Jinoyat kodeksining 213-moddasi 1-qismi “b” bandi) va harbiy “feyk” (Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi 2-qismi “d” bandi) ishi bo‘yicha hibsga olgan. 

Xavfsizlik xodimlarining da’vosiga ko‘ra, 2022 yilning fevralidan 2024 yilning apreligacha mazkur shaxs Novosibirskdagi ikkita savdo markazida “maxsus harbiy operatsiyaning maqsadlari, usullari va borishi to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumot bergan”. 

“U qo‘pol behayo so‘zlar bilan rus ayollarini haqorat qilgan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Rossiya Federatsiyasi hukumatining “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini qoralagan”, deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.

Sudlanuvchi Dalerjon Archilov bo‘lib, u 2012 yilda Tojikistondan Rossiyaga kelgan va 2021 yilda yashash uchun ruxsatnoma olgan. Shu yilning fevral oyida u Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza bergan. Ammo uning rafiqasi va bolalari 2022 yilning noyabr oyidan beri Rossiyada noqonuniy yashab kelgan.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinishidan oldin u oziq-ovqat bozorida “zarur hujjatlarsiz” ishlagan. “Infopro54” nashri Archilovning kasbi qassob ekaniga aniqlik kiritdi.

Sud erkakni 1 iyunga qadar tergov hibsxonasiga jo‘natdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sankt-Peterburgda Telegram’dagi terakt haqidagi xabarga o‘zining hazil aralash "komment"ini yozgani sababli 26 yoshli Tojikiston fuqarosi Bahodir Zuhurov qo‘lga olingandi. Rossiya Tergov qo‘mitasi hibsga olingan Zuhurovning uzr so‘ragani aks etgan videoni e’lon qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston Dalerjon Archilov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing