G‘arb yetakchilari samolyot halokatida Putinning qo‘li borligini aytmoqda
Olam
−
24 avgust 2023
12300G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari Yevgeniy Prigojin o‘tirgan samolyot halokati ortida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin turganini istisno qilmayapti. Bu haqda ular ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va OAVdagi chiqishlarida aytib o‘tdi.
Xususan, AQSH Prezidenti Jo Bayden “Vagner” asoschisi bilan nima sodir bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmasada, u bo‘lgan voqeadan hayratda emasligini aytgan, bu voqeada Rossiya Prezidentining “qo‘li” bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.
"Men Prigojin bilan nima bo‘lganini aniq bilmayman. Lekin hayron emasman. Rossiyada Putin aloqador bo‘lmagan narsa juda kam. Ammo menda aniq javobni bilish uchun yetarlicha ma’lumot yo‘q”, deydi Bayden.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adriyen Uotson ham Prigojinning o‘limi haqidagi xabarlar tasdiqlansa, hech kim ajablanmasligi kerakligini aytgan.
Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyak esa X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida shunday yozgan:
“Ko‘rinib turibdiki, Putin o‘zining hayvoniy terrorida hech kimni kechirmaydi. Davlat to‘ntarishiga urinishdan ikki oy o‘tib, Prigojin va “Vagner” jamoasining namoyishkorona tarzda yo‘q qilinishi Putinning 2024 yilgi saylovlar arafasida Rossiya elitasiga bergan ishorasidir: “Ogoh bo‘ling! Xiyonat o‘limga tengdir”.
Estoniya Bosh vaziri Kaja Kallas ham OAVdagi chiqishida “Vagner” samolyoti halokatiga Putinning aloqadorligini istisno etmagan.
“Agar bu rost bo‘lsa, bu Putin raqiblarini yo‘q qilayotganini ko‘rsatadi. Putindan farqli fikr bildirishni o‘ylaydigan har qanday odamni qo‘rqitadi”, deydi Kallas.
Britaniya parlamenti qo‘mitasi raisi Alisiya Kerns ham X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, samolyot halokatiga Rossiya hukumati aloqador ekaniga ishora qilgan.
“Rossiya hukumatining Yevgeniy Prigojin halokatga uchragan samolyotda bo‘lganini tasdiqlash tezligi bizga bilishimiz kerak bo‘lgan hamma narsani aytib beradi”, deydi u.
Kernsning so‘zlariga ko‘ra, “Vagner” samolyoti Rossiya havo mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqidagi xabarlar Putin o‘z dushmanlariga juda baland signal berganidan dalolat beradi.
Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau davlat telekanaliga bergan intervyusida Prigojin bortida bo‘lgan samolyot halokatini tasodif deb aytish “juda qiyin” ekanini aytgan.
“Vladimir Putin o‘z hokimiyatiga tahdid deb hisoblagan siyosiy raqiblari tabiiy ravishda o‘lmaydi”, degan Rau.
Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi eksperti Pavel Luzin ham Prigojin bilan bo‘lgan voqea Rossiya elitasi birlashmasligi, Kreml ichidagi qarama-qarshiliklar kuchayib borayotganidan darakligini aytgan.
“Rossiya rahbariyatidagi turli bo‘linmalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish haqiqatan ham yomon. Axir, agar Vladimir Putin shunchalik qudratli bo‘lsa, nega Prigojinni qamoqqa olmadi?” deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 avgust kuni Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Moskva shimolida halokatga uchragan xususiy samolyot yo‘lovchilar ro‘yxatida bo‘lgani xabar qilindi. Rossiya rasmiylari samolyotdagilardan hech kim omon qolmaganini aytmoqda.
LiveBarchasi