Rossiyada ozarbayjonlik Shahin Shixlinskiy va o‘g‘li qo‘lga olindi (video)
Olam
−
01 iyul 25628 2 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ozarbayjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy hibsga olindi. Bu haqda Ozarbayjon Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasiga tayanib, “Trend” xabar berdi.
Shixlinskiyni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot Baku Plaza savdo markazi oldida o‘tkazilgan. Uning o‘g‘li Mutvala Shixlinskiy ham ushlangan.
Ozarbayjon diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi, Federal xavfsizlik xizmati va Sverdlovsk viloyati Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek, diaspora rahbarining o‘g‘li Mutvala Shixlinskiyga so‘rov yuborilgan.
Iyun oyining oxirida Yekaterinburgda o‘tgan yillardagi qotillik ishi doirasida asli ozarbayjonliklar qo‘lga olindi. Bir qator nashrlar o‘shanda Shixlinskiy ish doirasida so‘roq qilingani haqida xabar bergan edi. Uning o‘zi buni yolg‘on deb atagan.
Yekaterinburg sudi jinoiy guruh ishi doirasida besh kishini hibsga olgan: Ahliman Ganjiyev, Mazohir, Akif, Ayaz va Bakir Safarov. Ikkinchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi – avval ayrim a’zolari qo‘lga olingan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Shundan so‘ng, Rossiyaning Baku shahridagi vaqtincha ish yurituvchisi Pyotr Volokov Ozarbayjon TIVga chaqirilgan. Rossiya TIV rasmiylari esa bu qo‘lga olishlar ilgari sodir etilgan og‘ir jinoyatlar yuzasidan tergov doirasida olib borilganini tushuntirgan. Ammo keyinchalik vaziyat yanada keskin tus oldi. 30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi Baku shahridagi “Sputnik Ozarbayjon” nashriyoti ofisida tekshiruv o‘tkazgan hamda nashrda ishlagan ikki xodim Rossiya agentlari bo‘lib chiqqanini xabar qilgan. Bu orada Rossiya ham harakatga keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni rasmiy ravishda chaqirtirgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan.
Live
Barchasi