Rossiyada ota-ona nazoratisiz qolgan 3 bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
19:07
816Kecha, 26 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ko‘magida Novosibirsk va Moskva shaharlaridan xalqaro kelishuvlarga muvofiq 3 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bolalar Toshkent shahri IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan qabul qilingan va Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magida ota-onalariga topshirilgan.
Ushbu holatda voyaga yetmagan shaxslar ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida Rossiya Federatsiyasiga borgan bo‘lib, ammo ushbu ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi qarovisiz qolgan deb e’tirof etilgan.
Bildirilishicha, olib kelingan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ularning yashash manziliga yaqin bo‘lgan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 4 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosini kutib olingandi.