Rossiyada migrantlarning mamlakatga erkin kirishini taqiqlash taklif qilinmoqda
Olam
−
15 Oktabr
7860Rossiyada Mehnat va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida mamlakatga mehnat migrantlarini jalb qilish bo‘yicha amaldagi tizimni isloh qilish variantlari ishlab chiqiladi. Bu haqda Mehnat vaziri Anton Kotyakov “Vedomosti” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazir nashrga bergan intervyusida Rossiya migrantlar uchun erkin kirishni taqiqlashi va yanada “sivilizatsiyalashgan model”ni qo‘llashi mumkinligini ta’kidlagan.
Kotyakovning fikriga ko‘ra, amaldagi model biznes uchun ma’lum xavf tug‘diradi, chunki ish beruvchilar migrantlarni o‘qitish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xarajatlarini o‘z zimmalariga oladi. Biroq ular ishchi o‘z majburiyatlarini bajarishiga va boshqa ishga, masalan, qurilish sohasidan xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tib ketmasligiga kafolat ololmaydi.
Vazirga ko‘ra, “sivilizatsiyalashgan model” tashkil etilganda migrantlar yollanma tizim asosida ishlaydi. Bu holda o‘qitish, tibbiy ko‘rik va hujjatlarni tayyorlash migrantning mamlakatida amalga oshiriladi. Shu orqali ish beruvchi kafolat oladi va chet eldan taklif qilingan xodimlar uchun javobgarlikni davom ettiradi.
“Kelajakdagi ishchi va ish beruvchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarning aniq, tushunarli qoidalari shakllanishi kerak. Masalan, agar kompaniya xarajat qilsa, ishchi ishdan bo‘shagan taqdirda bu summani qaytarish majburiyatiga ega bo‘lishi zarur”, dedi Kotyakov.
Vazirning ta’kidlashicha, tashkil etilgan yollash tizimida asosiy e’tibor malakali kadrlarga qaratiladi. Shu bilan birga, mamlakatga past malakaga ega ishchilar ham kirishiga ruxsat beriladi, chunki ish beruvchilarda ularga hali ham talab mavjud.
Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi va “hh.ru” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyada migrantlarni yollaydigan kompaniyalarning 50 foizdan ortig‘i xorijiy ishchi kuchi yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Ish beruvchilar uchun asosiy muammo – bozor talablariga mos keladigan mutaxassislarning yo‘qligi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning qariyb 20 foizi mehnat migratsiyasi cheklovlari bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qamoqxonalaridagi koloniya xodimlari jazo muddatini o‘tayotgan markaziy osiyoliklarni, ya’ni tojikistonliklar va o‘zbekistonliklarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi