Rossiyada migrantlar va mamlakat fuqarolarining maoshi tenglashtirilishi taklif qilindi

Olam

image

Rossiyada ish beruvchilarga mehnat muhojirlari uchun mamlakat fuqarolarinikidan kam bo‘lmagan ish haqi belgilash majburiyatini yuklash taklif qilindi. Bu bo‘yicha “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustinga murojaat qildi. Bu haqda ushbu murojaat nusxasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

“Qonunchilik darajasida ish beruvchilarni mehnat muhojirlari uchun ish haqi miqdorini Rossiya Federatsiyasining tegishli sub’ektiga o‘xshash lavozimlarda ishlagan Rossiya fuqarolari oladigan darajadan past bo‘lmagan miqdorda belgilash majburiyatini yuklash taklif qilinmoqda”, deyiladi hujjatda.

Ushbu me’yor buzilgan taqdirda Mironov ko‘p bolali oilalarning hayotini yaxshilash uchun ishlatiladigan jarimalarni belgilashni taklif qilgan.

Bundan tashqari, siyosatchi demografik vaziyatni yaxshilash va ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini yaratish fikrini ilgari surgan. Mironovga ko‘ra, bu fondni to‘ldirish, boshqa narsalar qatori, migrantlar mehnatidan foydalanayotgan ish beruvchilar uchun qo‘shimcha soliq hisobiga ham amalga oshirilishi mumkin.

Shunday qilib, ish beruvchi har oy o‘zi yollagan mehnat muhojirlari daromadining 2 foizini o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Mironov qo‘shimcha soliq joriy etilishi bilan “iqtisodiyotning yashirin sektorini rivojlantirish xavfi” mavjudligini ta’kidladi, shu sababli parlament a’zosi Vazirlar Mahkamasi rahbariga muqobil variantni ko‘rib chiqishni taklif qildi: mehnat muhojirlarining boshqa davlatlarga yuborgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha 1 foizlik davlat komissiyasini joriy etish mumkin.

“Mehnat muhojirlari boshqa davlatlarga pul o‘tkazish orqali Rossiya iqtisodiy salohiyatining zaiflashishiga hissa qo‘shadi”, deydi Mironov.

Mironov ushbu takliflarning amalga oshirilishi demografik pasayish muammosini ham, mehnat migratsiyasining o‘sishini ham hal qilishini ta’kidlagan. Mironovning fikricha, migratsiya oqimining oshishi halokatli oqibatlarga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov Toshkentda o‘tkazilgan forumda Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni yetti yilda to‘rt baravar oshganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Reshetnikovning gaplari asosga ega emasligini, raqamlar oshirib ko‘rsatilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya maosh migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing