Rossiyada migrant bolalar uchun maktablarni pulli qilish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlandi

Olam

image

Rossiya Davlat dumasiga turli fraksiyalarning vakillari tomonidan migrantlar uchun maktab ta’limini pulli qilish va rus tilini bilish bo‘yicha bepul test topshirish imkoniyatlari sonini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Loyihaga ilova qilingan xatda ta’kidlanishicha, 2025 yilda Rossiya maktablarida migrantlarning farzandlari soni oshgani sababli 900 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni (o‘quvchilar uchun joy) yetishmayapti. Mualliflarning fikricha, migrant bolalarning rus tilini yetarli bilmasligi “rossiyalik bolalarning o‘qish jarayonini sekinlashtiradi”. Bundan tashqari ta’lim muassasalariga qabul qilishda o‘tkaziladigan rus tilidan test davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjatda aytilishicha, qonun loyihasini qabul qilish byudjet mablag‘larini tejashga, ularni o‘qituvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar kabi maqsadlarga yo‘naltirishga, barcha ishtirokchilar uchun qulayroq ta’lim muhitini yaratishga hamda chet ellarda rus tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.

Qayd etish joiz, ushbu tashabbusga parlamentdagi ayrim deputatlar keskin qarshi chiqmoqda. Ta’lim bo‘yicha qo‘mita a’zosi Anatoliy Vasserman “Pod’yom” nashriga bergan intervyusida bu g‘oya migrant bolalarni huquqiy maydondan chiqarib, ularni jamiyat nazoratidan tashqarida qoldirishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bunday sharoitda nazoratdan tashqarida qolgan odam o‘zi va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u buni rus sivilizatsiyasi mohiyatiga zid deb atagan, chunki tarixan Rossiya turli xalqlarni yagona madaniyat va qoidalarga o‘rgatishga intilgan. 

Mazkur qonun loyihasi ilgari ham muhokama qilingan, ammo birinchi o‘qishda rad etilib, qayta ishlashga yuborilgan edi. 

Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov 2024 yilning sentyabr oyida Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi. Qonun loyihasida “Rossiya Federatsiyasi ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritish taklif qilingandi. Unga ko‘ra, chet ellik bolalar uchun maktabgacha, boshlang‘ich umumiy, asosiy umumiy va o‘rta umumiy ta’lim pulli asosda amalga oshiriladi. Hozir ularning barchasi bepul asosda ta’lim olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ta’lim vazirligining Davlat umumiy ta’lim siyosati va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha departamenti rahbari Aleksandr Reut chet ellik mehnat migrantlarining bolalari uchun maktab ta’limini pulli qilish taklifiga qarshi chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrantlar Anatoliy Vasserman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing