Rossiyada Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi

Olam

image

Rossiya tarkibidagi Kareliya respublikasida Mi-8 vertolyoti Onega ko‘li uzra parvoz paytida halokatga uchradi. Bu haqda “Interfax” xabar berdi.

Vertolyot bilan aloqa kecha, 4 fevral kuni o‘quv parvozi chog‘ida uzilgan.

Keyinchalik Mi-8 samolyotining qoldiqlari qirg‘oqdan 11 kilometr uzoqlikdagi ko‘lda 50 metrgacha chuqurlikda topilgan.

Kareliya rahbari Artur Parfenchikov vertolyot halokatga uchragan joydan suratni e’lon qildi va bortda Sankt-Peterburg aviatsiya markazi xodimlari – Vladimir Evseyev, Sergey Nosov va Vladimir Bilida bo‘lganini bildirdi. 

Mi-8 halokati yuzasidan yo‘l harakati xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti joriy yilning 24 yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida halokatga uchragandi. Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, bortda Belgorodga almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir, shuningdek, olti ekipaj a’zosi va uch nafar hamroh bo‘lgan. Ularning barchasi, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, vafot etgan. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Il-76 halokatini terakt deb atadi va bunda Ukraina harbiylarini aybladi. Ukraina hukumati halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ukraina harbiy razvedkasi 24 yanvar kuni Moskva va Kiyev asirlarni almashishga tayyorlanayotganini tasdiqladi va Ukraina tomonida Il-76 bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Shundan so‘ng, Vladimir Zelenskiy samolyot halokati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Mi-8

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing