Rossiyada markaziy osiyolik 80 nafar fuqaro armiyaga jo‘natildi

Olam

image

Moskva Tergov qo‘mitasi Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan muhojirlarga harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagani uchun 22 ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mamlakat Qurolli kuchlariga asli Markaziy Osiyodan bo‘lgan 80 dan ortiq mahalliy aholi jo‘natildi. Bu haqda qo‘mitaning Telegram-kanalida xabar berildi.

“Ichki ishlar organlari harbiy xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlarini o‘rganmoqda. Ularning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga qabul qilinishining qonuniyligi tekshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Tergov qo‘mitasining eslatishicha, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash Rossiya fuqaroligini olgan shaxslarning fuqarolikdan chiqarilishi uchun asosdir.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olgan ayblanuvchilar xizmatdan ozod qilish yoki kechiktirish uchun asosga ega bo‘lmay turib, chaqirilganda poytaxt harbiy komissarliklariga kelmagan.

Joriy yil boshida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin chet elliklar ommaviy ravishda Rossiya fuqaroligini olayotgani hamda ular harbiy xizmatni chetlab o‘tayotganidan shikoyat qilib, Rossiya Federatsiyasining “yangi” fuqarolarini Ukrainadagi urushda qatnashish uchun yuborish tarafdori ekanini aytgan.

“Oxirgi besh yil ichida Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlaridan kelgan milliondan ortiq kishi, shu jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning 550 ming nafar sobiq aholisi Rossiya fuqaroligini oldi”, deydi Bastrikin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakat Qurolli kuchlari Bosh shtabi qo‘shimcha safarbarlik e’lon qilishni rejalashtirmayotgani, “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazish uchun yetarli harbiy xizmatchilar mavjudligini bildirgandi.

Qayd etish kerakki, Rossiya hukumati armiya safini Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari bilan to‘ldirishga harakat qilmoqda. Ular ko‘pincha zo‘ravonlikka asoslangan reydlar orqali to‘planadi. Harbiy komissiyalarga olib borilgan muhojirlar tahdid va kaltaklardan so‘ng Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya harbiy xizmat Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing