Rossiyada kurer bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda Rossiyada kurer bo‘lib ishlayotgan mingrantlar bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar ko‘payib bormoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shu munosabat bilan ushbu mamlakat hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi. 

Migratsiya agentligining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali katta pul evaziga mahsulotni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar ba’zi hollarda narkotik moddalar savdosiga aloqador bo‘lib chiqmoqda. 

Bunda norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlayotgan fuqarolarga narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida ular politsiya xodimlari tomonidan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. 

“Shu munosabat bilan, yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, agentlik Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilanganini ham eslatma qilgan. 

Avvalroq Rossiyaning Kirov viloyatida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan ikki O‘zbekiston fuqarosiga hukm o‘qilgani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, 27 va 29 yoshli O‘zbekiston fuqarolarining biri 8 yilga, ikkinchisi esa 6 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya narkotik narkotik moddalar Migratsiya agentligi O'zbekiston fuqarolari kur'er buyurtma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing