Rossiyada xorijliklar internetsiz va SMSsiz qoldi
Olam
−
15 Oktabr 3959 2 daqiqa
Rossiyada bo‘lgan xorijliklar mobil internetsiz va ko‘plab onlayn-servislardan foydalanish imkonisiz qolmoqda, chunki ularning SIM-kartalariga tasdiqlovchi kodli SMS-xabarlar kelmayapti. Bu haqda Rossiya matbuoti xabar berdi.
Rossiyada xorijiy SIM-kartalarga hatto “sovish davri” tugaganidan so‘ng ham SMS-xabarlar kelmayapti. “Sovish davri” rus tarmog‘iga birinchi bor ulangan paytdan boshlab 24 soatlik cheklov bo‘lib, uning blokirovkasi 2025 yil oktyabr oyi boshida amalga kiritilgan.
Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, bu holat SIM-kartaning qaysi davlatga tegishli ekanligiga qaramasdan, barcha xorijiy raqamlarga taaluqli.
2025 yil avgust oyida Raqamli rivojlanish vaziri Maksut Shadayev bunday chorani dronlarda o‘rnatilgan SIM-kartalarga qarshi kurashish zarurati bilan izohlangan.
Mobil aloqa va SMS’ning yo‘qligi jiddiy noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda. Foydalanuvchilar, masalan, o‘z banklaridan SMS kelmagani sababli xorijiy servislar uchun to‘lov qila olmayotganini aytmoqda.
“Biz kuzatyapmizki, chet elliklar mobil tarmoqlardan tobora kamroq foydalanmoqda. Turistlar rouming qimmatligi va ommaviy Wi-Fi nuqtalari keng tarqalgani sababli Wi-Fi orqali ulanishni afzal ko‘rishadi”, dedi “TMT Konsalting” boshqaruvchi hamkori Konstantin Ankilov.
Biroq chet elliklar uchun Rossiyada Wi-Fi tarmoqlariga ulanish ham oson bo‘lmaydi. Qonunchilik talablariga ko‘ra, Wi-Fi’dan foydalanish uchun SMS-identifikatsiyadan o‘tish lozim. 2025 yil boshidan chet el fuqarosi Rossiya SIM-kartasini sotib olishi uchun yana bir cheklov joriy etilgan – telefon qurilmasining IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish va YePGU (Yagona davlat va munitsipal xizmatlari portali) orqali biometrik ma’lumot topshirish kerak. Buning o‘ziga esa chet ellik avval YePGUda ro‘yxatdan o‘tishi, SNILS olishi va bankda hisob ochishi zarur. Natijada chet el turistlarining Rossiya Aloka operatorlariga ulanish hajmi deyarli nolga tushdi.
Shu munosabat bilan aloqa operatorlari Raqamli rivojlanish vazirligidan chet ellik turistlar uchun SIM-karta sotib olish tartibini soddalashtirishni va biometrik ma’lumot topshirish talabini bekor qilishni so‘radi, zero chet elliklar mamlakatga kirishda baribir barmoq izlari va yuz suratini topshiradi. Bu holda “turistik” SIM-kartalarni ma’lum muddatdan so‘ng deaktiv qilish mumkin.
Live
Barchasi