Rossiyada Qur’onni yoqib yuborgan shaxs qamaldi
Olam
−
27 fevral
11091Rossiyaning Grozniy shahar sudi Volgogradlik Nikita Juravelni Qur’onni yoqib yuborganlikda ayblab, umumiy rejim koloniyasida 3,5 yilga hukm qildi. Bu haqda bugun mamlakatning TASS axborot agentligi xabar qildi.
Sudlanuvchi o‘z aybini qisman tan olgan va jazoni haqli deb atagan. Biroq uning yaqinlari sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Juravel 2023 yil 4 may kuni Volgograddagi sobor masjidi yonida Qur’onni yoqib yuborgan. Buni u Ukraina Qurolli kuchlarining Axborot va psixologik operatsiyalar markazi nazorati ostidagi veb-saytda ulashgan. 20 may kuni esa Tergov qo‘mitasi Juravelning hibsga olinganini e’lon qilgan.
Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko 21 may kuni Juravelni jazo muddatini asosan musulmonlar yashaydigan mintaqaga o‘tash uchun yuborishni to‘g‘ri deb bilishini aytgan.
Qur’onning yoqib yuborilishi Chechenistonda katta norozilikka sabab bo‘ldi. Grozniyda ko‘p ming kishilik miting bo‘lib o‘tdi va respublika rahbari Ramzan Qodirov Juravelning sodir etgan qilmishini dahshatli ish deb atadi. Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning qarori bilan Juravelga qarshi jinoiy ish Chechenistondagi tergovchilarga o‘tkazildi. Grozniy masjidlarining jami 13 nafar imom-xatibi ishda jabrlanuvchi sifatida tan olingan.
2023 yil avgust oyida Chechenistondagi Inson huquqlari bo‘yicha komissari Mansur Soltayev Juravel unga kaltaklanganidan shikoyat qilgani haqida xabar bergan. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uni Ramzan Qodirovning o‘sha paytda 15 yoshda bo‘lgan o‘g‘li Adam kaltaklagan.
Hukm e’lon qilinganidan so‘ng, Juravelning o‘zi musulmonlardan kechirim so‘ragan va musulmonlarni qanchalik xafa qilganini tushunish uchun Qur’on o‘qiyotganini aytgan.
LiveBarchasi