Qodirovning o‘g‘li Qur’onni yoqqan yigitni izolyatorda “samosud” qildi
Olam
−
16 avgust 2023
33969Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov Qur’onni yoqib yuborgani uchun hibsga olingan 19 yoshli Nikita Juravelni tergov izolyatorida kaltakladi. Bu haqda Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Tatyana Moskalkovaga tayanib, “The Insider” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 15 avgust kuni Ramzan Qodirov Checheniston Jazoni ijro etish muassasasiga borgan. U ketganidan keyin esa o‘g‘li Adam Qodirov Qur’onni yoqib yuborgani uchun izolyatorda jazo muddatini o‘tayotgan Nikita Juravelni kaltaklagan.
Shundan so‘ng Juravel Tatyana Moskalkovaga mazkur holat yuzasidan murojaat yo‘llagan.
“Menga Grozniydagi tergov izolyatorida saqlanayotgan ayblanuvchi Nikita Juraveldan murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, Checheniston rahbarining o‘g‘li Adam Qodirov tergov izolyatoriga tashrifi chog‘ida uni kaltaklangan. Juravel Chechenistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Mansur Soltayevdan o‘z vakolatlari doirasida ushbu ish bo‘yicha tergov o‘tkazishni so‘ramoqda”, deydi Moskalkova.
Gap shundaki, joriy yilning 22 may kuni Volgograd sudi 19 yoshli Nikita Juravelni Islom dinining muqaddas kitobini yoqib yuborganlikda ayblab, ikki oyga hibsga olgan. Shundan so‘ng RIA Novosti tegishli videoni chop etgan, unda Volgograd fuqarosi dunyo musulmonlaridan uzr so‘ragan va Qur’onni yoqish “juda yomon ish” ekanini aytgan.
Shuningdek, so‘roq paytida Juravel “Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan 10 ming rubl evaziga” Qur’onni yoqib yuborganini va harakat protokolini Ukraina xavfsizlik xizmati xodimiga topshirganini aytgan. Biroq keyinchalik ish Chechenistonga o‘tkazilgan va ayblanuvchi Grozniyga olib ketilgan.
“Huquq himoyachilari va “The Insider” bilan suhbatlashgan advokatning fikricha, ishni Chechenistonga o‘tkazish qarori odamlarni qo‘rqitish va Ramzan Qodirovga Rossiyada Islom diniga tajovuz qilgan har qanday shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish huquqini berish uchun qabul qilingan”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi