Davlat dumasi o‘zbek migrantlarini himoya qilmoqchi
Olam
−
12:12
8534Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov Moskvada o‘ldirilishi va qotillikni O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov o‘z bo‘yniga olishi ortidan Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga bosimlar ortishi haqida xavotirlar paydo bo‘lmoqda. Shunday sharoitda Davlat Dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rossiyaliklarni migrantofobiyadan saqlanishga chaqirdi. Bu haqda Qo‘mita raisi Leonid Kalashnikov “Daily Storm” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Deputatning fikricha, Rossiyadagi bunday tartibsizliklar “faqat Ukraina va populistlar”ga foyda keltiradi. Kalashnikov generalni o‘ldirishga buyruq berganlarning ikkita maqsadi borligini aytdi – nafaqat Rossiya Qurolli kuchlari generalini o‘ldirish, balki mamlakatda migrantlarga qarshi tartibsizliklar keltirib chiqarish.
“Shuning uchun hamma narsada o‘zbeklarni ayblash kerak emas. Agar rus biror joyda biror ish qilgan bo‘lsa, bu bizning mamlakatimizda hamma narsa yomon deganimi? Albatta yo‘q, bu juda ibtidoiy qarash. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni oddiygina bir o‘zbekka bog‘lashdan foyda yo‘q. Bizning vazifamiz bu yerga ishlash uchun kelgan barcha muhojirlar ko‘chada sarson bo‘lmasligi va nazoratsiz qolmasligiga ishonch hosil qilishdir”, deydi Kalashnikov.
MDH ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin esa nashr bilan suhbatda Rossiyada kelayotgan muhojirlarga fobiya to‘lqini faqat Ukrainaga foyda keltirishini aytdi.
Shuningdek, u Rossiyada amaldagi o‘lim jazosiga bir tomonlama moratoriyni bekor qilishni talab qildi.
“Men Konstitutsiyamizda bolalar bog‘chalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, harbiy amaliyotlar chog‘ida vatanni himoya qilayotgan harbiylarimizga nisbatan teraktlar uyushtirgan shaxslarga sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilishi sharti bilan o‘lim jazosini joriy etishni ko‘p marotaba taklif qilganman. General Kirillov Mudofaa vazirligimiz rahbarlaridan biri sifatida o‘z burchini bajardi. Uning qotillari kimning fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘lim jazosini olishlari kerak”, deydi deputat.
Zatulinning fikricha, Krokusdagi terakt va general Kirillovning o‘limi Ukraina qasddan Markaziy Osiyodan kelgan MDH davlatlari fuqarolarini jinoyatchi sifatida ishlatayotganini ko‘rsatadi.
“Shunday ekan, teraktning ikkinchi darajali maqsadi muhojirlarga qarshi to‘lqin va Rossiya va O‘zbekiston, Tojikiston va boshqalar o‘rtasida mojaro qo‘zg‘atishdir. Teraktda O‘zbekistonni va u bilan munosabatlarni ayblashga urinish, mohiyatan, O‘zbekiston Respublikasini sodir etilgan jinoyatga sheriklikda ayblashdir. Haqiqatan ham Prezident Mirziyoyevni general Kirillov qotillariga yordam berganlikda kimdir gumon qiladimi? Bunday dalil yo‘q. Lekin o‘zbek yoki tojikdan qasos olishga da’vat qilayotganlar bilib yoki bilmay birovning buyrug‘ini bajarayotgani haqida mutlaqo ochiq dalillar bor”, dedi deputat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi portlashda mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgandi. Kirillovning o‘limida gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak ushlandi. Shuningdek, TASS Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘zbekistonlik hamkasblariga Igor Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs haqida ma’lumot olish uchun murojaat qilgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni tegishli so‘rovni olgach, Igor Kirillovni o‘ldirishda gumon qilinib, Rossiyada qo‘lga olingan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni darhol Moskvaga yuborgan. Manbaga ko‘ra, Kirillovni o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov ismli shaxs bo‘lib, hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.