Rossiyada farzand ko‘rgan talabalar 1000 dollar olishi mumkin
Olam
−
08 noyabr
6753Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida talabalarga farzandli bo‘lgani uchun 100 ming rubl (taxminan 1000 dollar) miqdorida pul berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda hudud Xabarovsk qonun chiqaruvchi dumasi saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, mintaqa deputatlari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. To‘lovni olish huquqiga 18 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan, oliy yoki professional ta’lim muassasalarida kunduzgi shaklda o‘qiyotgan qizlar ega bo‘ladi.
Bildirilishicha, keyingi yilda ushbu tashabbusni moliyalashtirish uchun 40 million rubl ajratish taklif qilinmoqda. Biroq mahalliy deputatlar hozircha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqmagan.
Deputatlarga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-avgust oylarida hududda tug‘ilish ko‘rsatkichi 2023 yilning shu davriga nisbatan 309 nafarga kam bo‘lgan. Xabarovsk o‘lkasi ijtimoiy himoya vazirining o‘rinbosari Natalya Nelyubinaga ko‘ra, hududdagi tug‘ilish dinamikasi butun Rossiyadagi tendensiyalarga mos keladi, bu esa ayollarning farzandli bo‘lishni keyingi muddatlarga surish qarori bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 25 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Butunrossiya demografik konferensiyasida Rossiya hukumatining barcha a’zolari Rossiyadagi demografik vaziyatni yaxshilashda ishtirok etishi kerakligini, amaldorlar rossiyaliklarni ko‘proq farzand ko‘rishi uchun rag‘batlantirishi lozimligini aytgandi.
LiveBarchasi