Rossiyada erkaklarga ayrim shartlar evaziga ko‘pxotinlikka ruxsat berildi

Olam

image

Rossiyada musulmon erkaklar o‘z ayollariga nisbatan adolatli va teng munosabatda bo‘lish sharti bilan 4 tagacha shar’iy nikoh tuzishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasining Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan “Rossiya musulmon jamoasida ko‘p xotinlilik masalasi” nomli fatvoga tayanib, TASS xabar berdi.

“Ko‘p xotinlilik joiz bo‘lishining asosiy sharti – erning barcha xotinlariga nisbatan adolatli va teng munosabatda bo‘lishidir. Bu munosabatlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi: barcha xotinlarni teng moddiy ta’minlash; har bir xotin uchun alohida uy-joy taqdim etish; erning o‘z navbatini ular bilan oldindan kelishilgan tartibda bir xil vaqt o‘tkazishi”, deyiladi hujjatda.

Ushbu shartlar bajarilmasa, erkakka bir nechta xotin olishga ruxsat berilmaydi. Ammo ba’zi hollarda agar xotinlardan biri yuqorida ko‘rsatilgan huquqlaridan ixtiyoriy ravishda voz kechsa, istisnolar bo‘lishi mumkin.

Lekin, ulamolar kengashi erkakning boshqa ayol bilan nikohdan o‘tishini ayrim hollardagina mumkin deb hisoblaydi. Jumladan, birinchi xotinning sog‘lig‘i sababli farzand ko‘ra olmasligi, reproduktiv yoshni tugatganligi yoki farzand ko‘rishni istamasligi. Shuningdek, yangi nikoh uchun asos sifatida yolg‘iz ayol va uning bolalariga ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish istagi yoki er-xotin o‘rtasida jinsiy moslikning yo‘qligi keltirilgan.

Bundan tashqari, turmush qurgan erkak ikkinchi xotiniga o‘zining oilasi borligini xabar qilishi shart. Birinchi xotiniga esa yangi nikoh haqida xabar berish maqsadga muvofiq. Fatvoda ta’kidlanishicha, agar yangi xotin erning oldingi nikohi haqida xabardor qilinmagan va buni qabul qilishni istamasa, u o‘z nikohini bekor qilishni talab qilishga haqli.

Shu bilan birga, ulamolar kengashi zamonaviy Rossiya qonunchiligi faqat davlat organlarida rasmiylashtirilgan yagona nikohni tan olishini eslatgan. Shuning uchun “faqatgina shar’iy nikohda bo‘lgan ayollarning huquqlari huquqiy jihatdan kafolatlanmagan”.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi raisi o‘rinbosari va Moskva muftiysi Ildar Alyautdinovning aytishicha, erkak yangi diniy nikohga kirgach, barcha bolalarni asrab olishi, shuningdek, notarius tomonidan tuzilgan vasiyatnoma ham bo‘lishi kerak.
Rossiyaning Oila kodeksiga ko‘ra, kamida bittasi boshqa ro‘yxatdan o‘tgan nikohda bo‘lgan shaxslar o‘rtasida nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin emas.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya ko'pxotinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing