Rossiyada benzinga navbat kutganlar tartibsizliklar keltirib chiqardi
Olam
−
03 iyul 3648 2 daqiqa
Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi mashhur kurort shahri Anapada yoqilg‘i quyish shoxobchalarida tartibsizliklar yuzaga kelmoqda. Bu haqda shahar rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina tomonidan Rossiya energetika infratuzilmasiga uyushtirilayotgan hujumlar mamlakatda yoqilg‘i taqchilligini kuchaytirgan. Natijada Rossiya ayrim hududlarda benzin va dizel ta’minotini cheklashga majbur bo‘lgan.
Shahar rasmiylariga ko‘ra, Krasnodar o‘lkasida joylashgan Anapada avtomobillar uzun navbatlarga tizilgani sababli ko‘ngillilar shahar ma’muriyati hamda politsiyaga yordam bermoqda. Ular transport oqimini tartibga solish, navbatlarda mojarolarning oldini olish, benzinni kanistrlarga quyishga urinishlarni to‘xtatish hamda navbatning tartibli saqlanishini ta’minlash bilan shug‘ullanmoqda.
Manbaga ko‘ra, hozirda Anapada, shuningdek Rossiyaning boshqa hududlari va Rossiya nazoratidagi Ukraina yerlarida bir avtomobilga 20 litrdan ortiq benzin sotish taqiqlangan. Mahalliy aholi vakili Aleksandra Nesterenkoning aytishicha, bu miqdor bir haftaga yetarli.
“Cheklovlar joriy etilgan bo‘lsa, demak, bunga jiddiy sabab bor”, degan u.
Shahar ma’muriyati vakili Arsen Melkumyanning ma’lum qilishicha, ko‘rilgan choralar natijasida avval to‘rt soatgacha cho‘zilgan kutish vaqti hozir 30–40 daqiqagacha qisqargan. Ko‘ngillilardan biri Anatoliy Kasyanov esa ularning vazifasi odamlarga yordam berish va nizolarning oldini olish ekanini ta’kidlagan.
Anapa Krasnodar o‘lkasidagi eng mashhur dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Mintaqadagi energetika ob’ektlari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangan 2022 yil fevraldan beri Kiyev tomonidan tez-tez nishonga olinayotgan hududlardan biri sanaladi.
Krasnodar o‘lkasi ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bugun, 3 iyul kuni uchuvchisiz apparat qoldiqlari tushishi oqibatida bir nechta xususiy uy va gaz quvuriga zarar yetgan, biroq jabrlanganlar yo‘q.
Yoqilg‘i tanqisligini yumshatish maqsadida Rossiya hukumati neftni qayta ishlash zavodlariga joriy yil oxirigacha olti oy davomida tarkibida oltingugurt miqdori yuqoriroq bo‘lgan benzin va dizel ishlab chiqarishga ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etilgan edi.
Live
Barchasi