Rossiyada atigi 1,5 foiz migrant bolalar imtihondan o‘ta oldi
Olam
−
16 may 3399 2 daqiqa
Rossiyada 1762 nafar migrant bolalardan atigi 27 nafari rus tilini bilish bo‘yicha imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. Bu haqda Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi maktablarda qabul kompaniyasi joriy yilning aprel oyida boshlangan. Test sinovlari boshlanganidan beri 1762 nafar bola hujjat topshirgan. Ulardan 335 nafari imtihonga qo‘yilgan. Shundan 44 nafari testda qatnashib, bor-yo‘g‘i 27 nafari imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu esa umumiy ariza beruvchilarning 1,5 foizini tashkil etadi.
Vyacheslav Volodin bu holatni Rossiyada qabul qilingan yangi qonunlarning samarasi sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, hozirgacha migratsiyani nazorat qilish maqsadida 15 ta qonunchilik tashabbusi qabul qilingan va ularning barchasi kuchga kirgan.
Xabar qilinishicha, migrantlar uchun rus tilidagi testlar, shu jumladan og‘zaki qism 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan har bir o‘quv bosqichi uchun alohida ishlab chiqilgan. Maktabga kirish uchun nomzod 90 foiz to‘g‘ri javoblarga ega bo‘lishi kerak.
Qabul qilingan federal qonunga ko‘ra, migrant bolalarni Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy yashayotganlik holati tekshirilmasdan, shuningdek, test sinovi orqali tasdiqlangan rus tilini yetarli darajada bilmasdan turib umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish taqiqlangani aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarning maktablarda o‘qishini taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Ushbu loyiha chet el fuqarolari farzandlarining Rossiya ta’lim tizimida o‘qishi, shu jumladan, til diagnostikasi va moslashtirish dasturlarini o‘rganishiga qaratilgan. Monitoring Rossiya Ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Live
Barchasi