Rossiyada tug‘ilishni ko‘paytirish uchun turmush sifatini pasaytirish taklif qilindi
Olam
−
16 Oktabr 12105 2 daqiqa
Rossiya Davlat dumasi deputati Oleg Matveychev homilani oldirishni taqiqlovchi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida tug‘ilish darajasini oshirish uchun aholi turmush darajasini pasaytirishni taklif qildi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Matveychevning so‘zlariga ko‘ra, demografik muammolarni moddiy sharoitni yaxshilash orqali hal qilish mumkin, degan aqidadan butunlay voz kechish kerak. Odamlar qanchalik yaxshi yashasa, ular shunchalik kam bolali bo‘ladi. Tug‘ilishning eng yuqori ko‘rsatkichlari kambag‘al mamlakatlarda, eng yomoni esa boylarda kuzatiladi.
Deputat homilani olib tashlashni harbiy yo‘qotishlarga qiyoslab, bu holatni Markaziy harbiy okrugda odam halok bo‘lishi bilan tenglashtirgan va SSSRda abort qonuniylashtirilgach, davlatning o‘zi Gitlerdan ko‘ra ko‘proq odam o‘ldirganini ta’kidlagan.
Shuningdek, bolali oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash g‘oyasini ham tanqid ostiga olgan.
“Ayollarning barchasi uy va nafaqa olishni, keyin farzandli bo‘lishga rozi bo‘lishini hoxlaydi. Lekin bularning barchasi yolg‘on. Hozirgi kunda ayollar ishni va karerani birinchi o‘ringa qo‘ymoqda”, degan Oleg Matveychev.
Muhokama chog‘ida yana bir deputat Vitaliy Milonov ayollar homilasini olib tashlashga ko‘pincha erkaklar bosim o‘tkazishini aytgan. Boshqa bir deputat Nikolay Nikolayev esa Rossiyani o‘zining o‘ta liberal raqiblariga taqlid qilishda ayblab, tizimdagi asosiy muammolarga qarshi kurashishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, rus madaniyati pravoslavlikka asoslangan va shuning uchun bolaning hayoti tug‘ilishidan oldin ham inson sifatida tan olinishi kerak.
Qayd etish joiz, Rossiyada 2025 yilning birinchi choragida tug‘ilganlar soni 288,8 ming bolani tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga kam. Shuningdek, bu XVIII-XIX asrdan beri eng past ko‘rsatkichdir. 2024 yilda 1,222 million bola tug‘ilgan. Bu 1999 yildan beri eng past ko‘rsatkich, deya qayd etilgan. Mamlakatda vafot etganlar soni 1,8 milliondan oshgan va yil davomida aholining tabiiy qisqarishi deyarli 600 ming nafarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon tug‘ilishni oshirish uchun ish vaqtini qisqartirish va 4 kunlik ish haftasiga o‘tish orqali tug‘ilishni ko‘paytirishni taklif qilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi