Saida Mirziyoyeva davlat idoralari rahbarlarini keskin tanqid qildi (video)

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Toshkentdagi “Hyatt ragency Tashkent” mehmonxonasida “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

Quyida uning konferensiyadagi nutqini to‘liq shaklda havola etamiz. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika konferensiyasidagi nutqi

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari,Diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xonimlar va janoblar!

Bugungi kunda mamlakatimizda keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xalqning munosib hayot kechirishiga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda.

Bu o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka va dunyo hamjamiyatiga xolis, ishonchli, tezkor va to‘laqonli yetkazib berishda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, davlat axborot xizmatlarining samarali faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumki, axborot xizmatlari davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni amalga oshirishda o‘zaro bog‘lab turuvchi “ko‘prik” vazifasini bajaradi. Xalq bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqot qanchalik yaxshi ta’minlansa, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchiva hurmati shunchalik ortadi.

Shu o‘rinda nima uchun matbuot amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayapti, degan savolga, ko‘p omillar qatori vazirlik va idora rahbarlarining matbuot kotibi yoki axborot xizmatlariga nisbatan e’tiborsiz munosabatini asosiy sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

Bu holatlarga barham berish maqsadida joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Agentlik zimmasiga yana bir muhim – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish va bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi ham yuklatilgan.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

O‘tkazilgan tahlillar va o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu sohada eng asosiy muammo – bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjatning mavjud emasligidir.

Hozir ushbu hujjat tayyorlanmoqda. Ammo uni amalga oshiruvchi axborot xizmatlarining faoliyati bugungi islohotlar talabiga javob beradimi? Ular ishini yanada faollashtirish va takomillashtirish uchun nimalar to‘siq bo‘lmoqda? Bu savollar dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

Afsuski, ularning ish yuritish tartibi, axborot tarqatish usul va mexanizmlari zamon talablariga mutlaqo mos emas, desak xato bo‘lmaydi.

Yana bir eng asosiy masalaga e’tiboringizni qaratishni istar edim. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati deyarli olib borilmayapti. Ish hajmlarining ko‘pligi va qo‘shimcha topshiriqlar bilan bandligi sababli axborot xizmatlari faoliyati qoniqarsiz ahvolda qolib ketmoqda. 

Bundan tashqari, 10 dan ortiq respublika darajasidagi davlat tashkilotlarida hamda 200 ga yaqin tuman va shahar hokimliklarida haligacha axborot xizmatlari faoliyati tashkil etilmagan. Umuman olganda, davlat tashkilotlarida axborot xizmatlariga yetarlicha shtat birliklari ajratilmagani sababli ishlar nihoyatda sust olib borilmoqda, ularning mavqei hanuz pastligicha qolmoqda.    

Ko‘pgina davlat organlarining rahbarlari ushbu muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti, axborot xizmatlarining moddiy-texnik bazasi yaratilmagan, shtatlar malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilmagan.
  
Ko‘plab davlat organlarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mobil messenjerlar orqali tezkor axborot tarqatish ishlari oqsamoqda. Oqibatda davlat organlarining internet tarmog‘idagi rasmiy manbalaridan foydalanuvchilar soni nihoyatda kamligicha qolmoqda. 

Ularning veb-saytlariga kiruvchilarning umumiy soni 400 ming, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga murojaat qiluvchilar 150 ming, Telegram tarmog‘idagi a’zolari 300 ming nafardan oshmaydi. 

O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 20 milliondan ortiq ekanini hisobga olsak, yuqoridagi ko‘rsatkichlardan o‘zingiz xulosa chiqarib olishingiz mumkin. 

Bu esa o‘z navbatida, yurtdoshlarimizning o‘zini qiziqtirgan axborotlarni xorijiy manbalardan izlashiga yoki muammoli murojaatlarini chet el ommaviy axborot vositalari orqali chop ettirib, davlat idoralari e’tiborini jalb qilishiga olib kelmoqda.

Qolaversa, Prezident yoki Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, dolzarb tashabbuslar va dasturlarning asosiy mohiyati va tafsilotlari aholiga to‘laqonli yetkazib berilmayapti, xorijda ham tahliliy jihatdan yetarlicha yoritilmayapti.

Agar har qaysi davlat organlari rahbarlari o‘z ishi samaradorligini ta’minlamoqchi bo‘lsa, albatta, birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan faol muloqot qilishi talab etiladi. Buning uchun axborot xizmatlari ishini tubdan takomillashtirish lozim.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirishga oid yangi huquqiy hujjatlarni qabul qilishni davrning o‘zi oldimizga qo‘ymoqda. Bu borada ushbu kechiktirib bo‘lmas vazifalarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, davlat organlarining axborot siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi Konsepsiyani qabul qilish zaruriyati tobora oshib bormoqda.

Ushbu huquqiy hujjat tegishli vazirlik va idoralarning axborot sohasidagi faoliyatining aniq yo‘nalish, vazifa va vakolatlari hamda majburiyatlarini belgilab beradi.

Ikkinchidan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu qaror loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi o‘rni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, shart-sharoitlari, malaka oshirish imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlanmoqda.

Jumladan, Axborot xizmati rahbarining maqomini oshirish, uni davlat organi rahbarining maslahatchisiga aylantirish, ish haqi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, O‘zbekistonning imiji va nufuzini xalqaro maydonda oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm yaratish, ya’ni respublikamizning chet eldagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida mavjud press-attashe lavozimlarini axborot ishi bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘zgartirish haqida taklif kiritilmoqda.

Loyihada axborot xizmatining vazifalari aniqlashtirilgan. Ya’ni bunda veb-saytni yuritish, ommaviy axborot vositalari uchun tadbirlar tashkil etish kabi umumiy vazifalar qatoriga tashkilotlar imijini shakllantirish va rivojlantirish, davlat organlari haqida jamoatchilik fikrini o‘rganish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida e’lon qilingan hamda aholining keng muhokamasiga sabab bo‘layotgan chiqishlarga tezkor munosabat bildirish kabi aniq vazifa va yo‘nalishlar qo‘shilmoqda.

To‘rtinchidan, Axborot xizmatlari davlat organlari va boshqa tashkilotlarning markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida kamida to‘rt nafar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bo‘ysinuvidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) hokimliklarida kamida ikki nafar xodimdan iborat tarkibda tashkil etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, keyinchalik davlat mukofotlariga tavsiya qilish, boshqa shakldagi taqdirlash va rag‘batlantirish maqsadida axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlariva reyting tizimiham ishlab chiqiladi.

Beshinchidan, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yangi fakultet hamda matbuot kotibi tayyorlash bo‘yicha magistratura yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari malakasini muntazam oshirib borish, ularga sohaga oid zamonaviy tendensiyalar va bilimlarni yetkazib berish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida har ikki yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarida o‘quvlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu ishlarning ijrosi ochiq va adolatli demokratik jamiyatda aholining axborot maydonidagi faolligi va xulqini shakllantirish, siyosiy 
va huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, ushbu qaror loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza vaamaliy takliflaringiznibildirishingizni so‘rar edim.

E’tiboringiz uchunkatta rahmat!
 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

168

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing