Rossiyada 2 yilda 6 generalga suiqasd qilindi, 3 general halok bo‘ldi

Olam

image

Rossiyada so‘nggi ikki yil ichida kamida olti nafar yuqori martabali general suiqasd nishoniga aylangan. Ulardan uch nafari portlashlar oqibatida halok bo‘lgan, yana biriga qurolli hujum uyushtirilgan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi nishon Rossiya Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lgan. Joriy yilning 1 avgust kuni Moskvadagi “Balzi Rossi” restorani yaqinida yuz bergan portlash aynan unga qarshi uyushtirilgan bo‘lishi mumkin. Biroq Rossiya rasmiylari bu borada deyarli hech qanday bayonot bermagan.

So‘nggi yillarda Rossiya harbiy rahbarlariga qarshi sodir bo‘lgan hujumlar orasida eng ko‘p tilga olingani general Igor Kirillovning o‘ldirilishi bo‘lgan. U 2024 yil dekabr oyida Moskvadagi uyidan chiqayotgan paytda skuterga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Portlashda uning yordamchisi ham vafot etgan.

2025 yil aprel oyida esa Rossiya Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik Moskva viloyatidagi Balashixa shahrida avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, bomba uning mashinasi yoniga joylashtirilgan.

Oradan bir necha oy o‘tib, shu yilning dekabr oyida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi tezkor tayyorgarlik boshqarmasi rahbari, general-leytenant Fanil Sarvarov ham avtomobili portlatilishi oqibatida halok bo‘lgan.

Joriy yilning fevral oyiga kelib, Rossiya Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Alekseyevga suiqasd uyushtirilgan. Unga Moskva shahridagi uyining kirish qismida o‘q uzilgan, general og‘ir jarohat olgan.

Shuningdek, aprel oyida general-mayor Azatbek Omurbekovga qarshi ham suiqasd uyushtirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Bu ma’lumotlar asosan anonim Telegram-kanallari tomonidan tarqatilgan.

Qayd etilishicha, Rossiya rasmiylari ayrim holatlar bo‘yicha tergov ishlari olib borilayotganini bildirgan, biroq hujumlarning aksariyati yuzasidan batafsil ma’lumot berilmagan.

Ukraina bilan urush boshlanganidan buyon Rossiya harbiy rahbarlari nafaqat front hududlarida, balki mamlakat ichida ham hujumlar nishoniga aylanmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing