Rossiyada 2 poyezd to‘qnashib ketdi (video)
Olam
−
18 dekabr
3720Rossiyaning Murmansk viloyati janubida yo‘lovchi poyezdi yuk poyezdi bilan to‘qnashdi. Bu haqda Rossiya Shimoli-g‘arb transport prokuraturasi xabar berdi.
Viloyat gubernatori Andrey Chibis voqea joyiga qutqaruvchilar yuborilganini ma’lum qilgan. Chibisning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Murmansk – Sankt-Peterburg yo‘nalishida harakatlangan ikki qavatli yo‘lovchi poyezdi ishtirokida sodir bo‘lgan. To‘qnashuv Kandalaksha tumanidagi Knyajaya stansiyasida ro‘y bergan.
“Voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda. Holatni shaxsan nazoratimga oldim”, deydi Chibis.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa joyiga yettita tez yordam brigadasi yetib borgan, yo‘lovchilarni vaqtinchalik joylashtirish uchun tayyorgarlik ishlari boshlangan.
Rossiya temir yo‘llari vakillariga ko‘ra, yo‘lovchi poyezdi stansiyaga kirayotgan vaqtda poyezdlarning yon tomonlari to‘qnashgan. Oqibatda yo‘lovchi poyezdining uchta va yuk poyezdining bir nechta vagoni relsdan chiqib ketgan.
“Voqea oqibatlarini bartaraf etish uchun Kandalaksha va Kem stansiyalaridan tiklov poyezdlari yuborildi. Hodisa sabablari aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
TASS ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchi poyezdida jami 326 kishi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 8 kishi jarohatlangan, ulardan biri esa og‘ir ahvolda.
“Hodisa avvalida bizga kimdir stop-kranni bosganini aytishdi. To‘qnashuvdan so‘ng kirgan qo‘shni vagonda shift qulab tushgan, eshiklarning hammasi sindirilgan edi. Bizning vagonimiz esa butunlay egilgan, buyumlarni olib chiqishning imkoni yo‘q. Bir necha kishini olib chiqishayotganini ko‘rdim”, dedi poyezd yo‘lovchisi Yuliya.
Poyezdlar to‘qnashuvi bo‘yicha G‘arbiy transport tergov boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ish temir yo‘l transporti harakati va ekspluatatsiyasi xavfsizligi qoidalarini buzish moddasiga binoan ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiyada yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 4 kishi tan jarohati olgandi.
LiveBarchasi