Rossiyada 17 yoshli o‘zbekistonlik o‘smir tomdan yiqilib, halok bo‘ldi
3-sahifa
−
25 iyul 2023
8007Rossiyaning Omsk viloyatida 17 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 5 qavatli uyning tomidan yiqilib, halok bo‘ldi. Bu haqda “Kommercheskiye Vesti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 24 iyul kuni kechqurun sodir bo‘lgan. O‘smir shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:30 larda, shaharning Mira shoh ko‘chasidagi besh qavatli uyning tomida kapital ta’mirlash ishlarini olib borayotgan tanishlariga ovqat olib borgan. Shu vaqtda u tomdan yiqilib, shifokorlar kelguniga qadar vafot etgan. Voqea joyiga Omsk viloyati Sovetskiy tumani prokurori o‘rinbosari Pyotr Bayer ham yetib borgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 143-moddasi 2-qismi (mehnatni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Prokuror tekshiruvi davomida hodisaning holatlari va sabablari aniqlanadi, shuningdek, ishlarni bajarishda xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha mas’ul shaxslarning harakatlariga baho beriladi. Agar asoslar mavjud bo‘lsa, prokuror tomonidan javob choralari ko‘riladi”, deb yozdi viloyat prokuraturasining Telegram-kanali.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tatariston Respublikasi hududida 1998 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Kama daryosiga cho‘kib ketib, vafot etgandi. Shuningdek, ushbu mamlakatning Leningrad viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘zbekistonlik erkak halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi