Rossiyada 150 nafar ukrainalik asir qatl etilgani aytilmoqda
Olam
−
24 may
13559Rossiya asirligida 150 dan ortiq ukrainalik askar halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi bugun, 24 may kuni bayonot berdi.
Boshqarma jang maydonida qatl etilganlar soni ortib borayotganini ta’kidladi: ko‘p hollarda mahbuslarni o‘ldirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruqlar qayd etilgan. Bayonotga ko‘ra, bu jinoyatlar kamdan-kam holatlar emas, balki Rossiya rahbariyati olib borayotgan maqsadli siyosatning bir qismidir.
Razvedka xizmati bu tendensiyani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi ham tasdiqlaganini ta’kidladi. Komissiya 2025 yil 19 martdagi hisobotida taslim bo‘lgan yoki taslim bo‘lishga uringan ukrainalik jangchilarni rus qo‘shinlari ataylab o‘ldirish yoki mayib qilish holatlari ko‘payganini qayd etgandi.
“Bir nechta rossiyalik dezertirlar asirlarni olish emas, balki ularni o‘ldirish haqida buyruq olganini tasdiqladi. Ulardan biri brigada komandiri o‘rinbosarining so‘zlarini keltirdi: Mahbuslar kerak emas – ularni joyida otib tashlang”, deyiladi Bosh razvedka boshqarmasi iqtibos keltirgan hujjatda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining suddan tashqari qatllar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi doktor Morris Tidball-Binz CNN telekanalida qatllar oliy harbiy qo‘mondonlikning buyrug‘i yoki ruxsatisiz tez-tez sodir bo‘lmasligini tasdiqlagan.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri va 2025 yil 23 may holatiga ko‘ra, Ukraina Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlarga qaraganda Rossiya harbiy xizmatchilari tomonidan 268 ukrainalik harbiy asirning o‘ldirilishi faktlari bo‘yicha 75 ta jinoiy ish ro‘yxatga olingan va tergov qilinmoqda.
Xususan, 2025 yil boshidan buyon 51 nafar ukrainalik harbiy asirning o‘ldirilishi bo‘yicha 20 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Harbiy asirlarni qasddan o‘ldirish Jeneva konvensiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va og‘ir xalqaro jinoyat sifatida tasniflanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi Ukrainadagi urushda Rossiya harbiylari tomonidan asirga olingan ukrainalik askarlarga qarshi repressiyalar soni keskin oshganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi