Rossiya jamoalarini chetlatish Putini hayratga solmaydi – Xansi Flik
Sport
−
22 mart 2022
7613Futbol bo‘yicha Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Xansi Flik Rossiya termalarining xalqaro musobaqalardan chetlatilishi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni hayratga solmaydi, degan fikrda. Bu haqda “Stren” jurnali xabar berdi.
Shuningdek, Flikning qo‘shimcha qilishicha, taqiqlar faqat sportchilarga xalaqit beradi. Ammo hozirgi vaziyatda bundan boshqa yo‘l yo‘q.
“O‘ylashimcha, bu [Rossiya futbol jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatish] to‘g‘ri choradir. Biroq bular [chetlatish] Putinni hayratga solmaydi. Hatto qattiq sanksiyalar ham uni to‘xtata olmadi. Bu faqat sportchilarga xalaqit beradi, ammo hozirgi vaziyatda boshqa yo‘l yo‘q”, degan Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi.
Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro sport arbitaj sudi UEFA va FIFA’ning Rossiya terma jamoalarini musobaqalardan chetlatish to‘g‘risidagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.
Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar
Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi.
Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.
Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.
Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.
Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Maxsus Olimpiada o‘yinlari bekor qilindi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi