Rossiya Zelenskiyning ona shahriga zarba berdi. 18 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
05 aprel
5530Kecha, 4 aprel kuni Rossiyaning Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tug‘ilib o‘sgan shahar – Krivoy Rogga uyushtirgan raketa hujumi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida to‘qqiz nafar bola ham bor. Shuningdek, hujum oqibatida 50 dan ortiq kishi jarohat olgan. Bu haqda UNIAN xabar berdi.
Vladimir Zelenskiy mazkur hujumdan so‘ng halok bo‘lgan va yaradorlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.
“Ko‘plab jabrlanganlar bor, uylar zararlangan. Raketalar aslida turar joy binolari yonidagi hududga tushgan – bolalar maydonchasi, oddiy ko‘chalar”, degan Zelenskiy.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya 5 aprel kuni Xersondagi elektr stansiyasiga ham dron yordamida hujum qilganini bildirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘zining Telegram’dagi bayonotida hujum Ukraina va G‘arb ofitserlari uchrashuviga qaratilganini bildirgan. Bayonotda aytilishicha, bu aniq nishonga qaratilgan o‘ta kuchli portlovchi jangovar raketa bilan Krivoy Rog shahridagi bo‘linmalar qo‘mondonlari va g‘arbiy instruktorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan restoranga qilingan zarba bo‘lgan.
“Zarba oqibatida dushman 85 nafar harbiy va xorijiy ofitserlarini hamda 20 tagacha texnikani yo‘qotdi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ukraina Bosh shtabi esa rossiyaliklarning Krivoy Rogdagi “harbiy yig‘ilish o‘tkazilgan joyga” qilingan “aniq zarba” haqidagi gaplarini “o‘ta aniq yolg‘on” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainaning yirik shaharlari – Xarkov, Dnepr va Kiyevga dronlar bilan zarba bergandi. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 35 kishi tan jarohati olgan.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel