Rossiya Zelenskiyning ona shahriga hujum qildi
Olam
−
13 mart
17743Ukrainadagi Dnepropetrovsk viloyatining Krivoy Rog shahrida Rossiya hujumi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 43 kishi, jumladan 12 bola yaralandi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.
“20 kishi shifoxonada qolmoqda. Ulardan to‘rt nafar kattalar va ikki bolaning ahvoli og‘ir”, deb yozgan Lisak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi yigirma ko‘p qavatli uy, ikkita bolalar bog‘chasi, ikkita maktab va boshqa binolar zarar ko‘rgan, avtomobillar shikastlangan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham voqea haqida xabar berib, Krivoy Rogda raketa hujumidan keyin qutqaruv operatsiyasi olib borilayotgani, vayronalar ostidan odamlar qidirilayotganini qayd etdi.
"To‘qqiz qavatli turar-joy binosi vayron bo‘ldi", deb yozgan Zelenskiy.
U halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Qayd etish joizki, Vladimir Zelenskiy 1978 yil 25 yanvarda Krivoy Rog shahrida tug‘ilgan.
Rossiya tomoni hujumga izoh bermadi. Urush davomida Moskva Ukrainadagi tinch aholi nishonlariga qasddan qilingan hujumlarni rad etib keladi.
Eslatib o‘tamiz, 11 mart kuni Vladimir Zelenskiy fransuz ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Rossiyaning sharqiy frontdagi hujumi to‘xtatilganini aytgandi.
LiveBarchasi