Rossiya Yevropadagi boshqa davlatlarga ham hujum qilishga tayyorlanmoqda – Litva
Olam
−
15 fevral
7600Rossiya hozirda Yevropaning boshqa davlatlariga hujum qilish uchun qulay holatda — u ko‘proq kuchga, harbiy tajribaga ega va Ukrainadagi urushda qilgan xatolarini tuzatmoqda. Bu haqda Litva Mudofaa vazirligining mudofaa siyosati bo‘yicha vakili Vaydotas Urbelisga tayanib, “Business Insider” xabar berdi.
Uning aytishicha, Rossiya muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, bo‘lajak hujumga yaxshi tayyorlangan.
“Endilikda ularda keng ko‘lamli urush olib borish tajribasi mavjud, buni rejaning bir qismi sifatida ko‘rish kerak. Agar faqat askar soniga e’tibor qaratsangiz ham, Rossiya qurolli kuchlarida hozir urushdan oldingidan ko‘proq odam borligini ko‘rasiz”, deydi Mudofaa vazirligi vakili.
Shuningdek, u Rossiya harbiy texnikalarini yo‘qotishiga qaramay, tezda tiklana olishini qo‘shimcha qildi.
“Shuning uchun Litva tayyor bo‘lishi kerak, chunki Rossiya uni va uning qo‘shni hududlarini “o‘z hududining bir qismi” deb biladi”, deydi amaldor.
Harbiyning aytishicha, Litva tezda javob qaytarishga tayyor bo‘lishi va “NATO mexanizmi ishlab ketgunicha” kutmasligi kerak. Gap Litvaga alyans qo‘shinlarini joylashtirish, mudofaa xarajatlarini oshirish va chegara xavfsizligini mustahkamlash haqida ketmoqda.
“Ittifoq sifatida biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, lekin yetarlicha tezkor emas”, deya xulosa qildi Urbelis.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Yevropada 4 oy davom etadigan NATOning “Steadfast Defender – 2024” mashqlari boshlangandi. Ularda alyansning 31 ta a’zo davlati va Shvetsiya ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, Rossiya alyansga a’zo davlat hududiga hujum qiladi va NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga tushiradi, ya’ni Rossiya va NATO kuchlari to‘qnashadi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi